Rossiyaliklar yangi yilning yaxshiroq bo'lishidan umidvor

  • Amerika Ovozi

Rossiya iqtisodiyoti 2015-yilda og'ir kechishi haqiqatga qanchalik yaqin bo'lmasin, ko'plab rossiyaliklar yangi yilni quvonch va umid bilan kutib oldi. Rubl qadrsizlanishi hamda neft narxining tushishi oddiy odamlar farovonligiga salbiy ta'sir qilishi kutilyapti. Ammo xalq orasida vatanparvarlik hissi yuqori.

Yangi yil kechasi Moskvadagi Qizil maydon osmonini yoritgan mushaklar Rossiyaning kelajagiga bo'lgan umidni ham ifodaladi.

"Rossiya uchun eng ijobiy, eng yaxshi tilaklarni tilaymiz. U g'olib chiqadi. Rossiya har doim eng kuchli, eng zo'r bo'lgan. Yashasin, Rossiya!" - deydi maydonga chiqqan moskvaliklardan biri.

Ammo G'arb sanksiyalari va neft narxining keskin tushishi bu yil mamlakat iqtisodiyotida pasayishga olib kelishi kutilyapti. Rubl qiymati so'nggi paytlarda qariyb 50 foizga kamaygan. Bundan oddiy fuqarolar xavotirda.

"Har kuni valyuta ayirboshlash narxiga qarayman. Bu narxlarning doim o'sib yoki tushib turishi menga qiziq tuyulgan. Ammo hayotimga hech qanday ta'siri yo'q. Chunki hech narsang bo'lmagandan keyin, nimani ham yutqazarding?" - deydi Yelena ismli fuqaro.

Hatto Prezident Vladimir Putin ham qiyinchiliklar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi.

"Kelasi yil ko'plab muammolarni birga hal qilishimizga to'g'ri keladi. Uning qanday bo'lishi o'zimizga bog'liq. Har birimiz qanday harakat qilsak, natija shunchalik samarali va bunyodkor bo'ladi. Bundan boshqa chora yo'q", - dedi Rossiya rahbari.

Putin muammolarni tez orada hal qilishga va'da berayotgan bo'lsa-da, muxolif guruhlar kelajakning yanada mavhumligidan so'z ochmoqda.

"Tamom bo'lishiga oz qoldi. Mamlakat qulash arafasida turibdi. Menga shunday tuyulyapti. Shuning uchun odamlarni ko'chalarga chiqib vaziyatni o'zgartirishni talab qilishga chaqiraman. Bunga o'z hissamizni qo'shishimiz kerak. Shuning uchun 2015-yil juda muhim yil. U tarixiy yil bo'lishi mumkin", - deydi sobiq bosh vazir, hozirda muxolifat yetakchisi Mixail Kasyanov.

Rasmiylar tegishli choralar ko'rilishi natijasida iqtisodiy talofatlarning oldini olish mumkinligini ta'kidlamoqda.

"Har qanday ijobiy o'zgarish, arzimas darajada bo'lsa ham, bozorni yaxshilash imkoniyatiga ega. Masalan, Yevropa sanksiyalari uzaytirilishi uchun ovozga qo'yiladi. Agar jazo choralarining kuchaytirilishiga biror asos ko'rilmasa, bu holatda ijobiy natijalarni qo'lga kiritamiz", - deydi Tashqi valyuta va moliya bozori bo'yicha mas'ul Sergey Romanchuk.

So'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Putinning xalq orasidagi obro'si hanuz baland - 70-80 foiz atrofida. Suv va elektr tanqisligiga qaramay, o'tgan yili Ukrainadan tortib olingan Qrim yarimorolida yashovchi rusiyzabon aholi ham prezidentni qo'llab-quvvatlamoqda.

"Biz bugun yangi yilni shu yerliklar bilan nishonlash va Putinni ko'rish uchun maydonga keldik. Ular chiroqlarni o'chirib qo'yishga va'da berishgan, lekin prezidentni ko'rishni juda ham xohlaymiz. Shuning uchun keldik: birlik va shahardagi kayfiyatni his qilish uchun", - deydi Moskvada yangi yilni nishonlagan sevastopollik ayol.

Qrimning qo'shib olinishi hamda Moskvaning sharqiy Ukrainadagi bo'lginchilarni qo'llab-quvvatlashi xalqaro hamjamiyat noroziligiga sabab bo'ldi va bundan Rossiya iqtisodiyoti zarar ko'rmoqda. Ayrimlar sabr qilish kerak, degan fikrda.

"Nima bo'lishidan qat'i nazar, umidvor bo'lishga o'rganganmiz. Chunki agar kulmasangiz, jinni bo'lib qolishingiz mumkin", - deydi talaba qiz Anastasiya.

Shahar ko'chalarida, oddiy odamlar hayotida G'arb va Rossiya o'rtasidagi ziddiyatlarni payqash qiyin. Ammo mamlakat iqtisodiy ko'rsatkichlari pasayib borar ekan, bundan, avvalo, oddiy aholi aziyat chekishi aniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG