Rossiyada mo'tadil va radikal musulmonlar ziddiyati kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Said Atsayev (chapda) Dog'istonda ko'zga ko'ringan so'filardan edi. 28-avgust kuni xudkush xurujda o'lgan.

Said Atsayev (chapda) Dog'istonda ko'zga ko'ringan so'filardan edi. 28-avgust kuni xudkush xurujda o'lgan.

Sovet Ittifoqi qulaganidan keyingi 20 yilda Rossiyaning, asosan, musulmonlar yashovchi janubiy hududlarida markaziy boshqaruvga nisbatan qarshilik, zo’ravonliklar kuzatildi. Biroq tahlilchilar nazarida hozir Shimoliy Kavkazda ziddiyat musulmonlar o’rtasida kechmoqda: mo’tadil va radikal musulmonlar o’rtasida.

So’nggi kunlarda Dog’istonda ro’y bergan uch xurujda 30 kishi o’lib, 15 nafari jarohat olgan. Birinchi xurujda Ozarbayjon bilan chegarani qo’riqlayotgan askar yetti safdoshini o’ldirib, so’ng o’zini ham otgan. Qo’mondonlarining aytishicha, u vahobiylikka doir adabiyotlarni mutolaa qilib yurgani uchun ikki bor xizmatdan chetlatilishiga yaqin edi.

So’ng Gruziya maxsus kuchlari Dog’iston bilan chegarada yaxshi qurollangan islomiy jangarilarga duch kelib, otishmada uch gruzin zobiti va 12 jangari halok bo’lgan.

Joriy hafta esa bir ayol o’zini mo’tadil qarashlarga ega taniqli so’fining yonida portlatgan. Said Atsayev vahobiylikka berilgan jangarilar bilan tinchlik muloqotiga bosh bo’lgani ma’lum. Jangarilardan birining bevasi bo’lgan xudkush ayol shayx va o’zi bilan birga yana olti kishini o’ldirgan.

Nyu-York universitetida Rossiya bo’yicha mutaxassis Mark Galeottining aytishicha, Rossiyada musulmonlar aholining 15 foizini tashkil etsa, ayni damda ular orasida bo’linish kuzatilmoqda.

"Musulmonlar o’rtasida fuqarolik urushiga o’xshash tahdidni nafaqat Dog’iston, balki butun Shimoliy Kavkaz bo’ylab ko’rsa bo’ladi", - deydi Galeotti.

Rossiyaning musulmonlar eng ko’p yashovchi Tatariston Respublikasida ham yaqinda ikki mo’tadil ulamoga qarshi xuruj ro’y bergan. Ular Saudiya Arabistonida tahsil olgan imomlarni haydash taklifi bilan chiqqan edi. Biri xurujda o’lgan, ikkinchisi esa yaralangan.

Prezident Vladimir Putin seshanba kuni Tataristonga borib, mahalliy televideniye orqali “terrorchilarning maqsadi bir – xalq orasida qo’rquv va adovat tarqatish” deb chiqdi. Atsayev Dog’istonda o’sha kuni portlatilgan.

Moskvadagi Karnegi jamg’armasida islom bo’yicha ekspert Aleksey Malashenkoning aytishicha, jangarilar pravoslav xristianlikka qarshi turib, musulmon respublikalarni Rossiyadan ajratib olishni maqsad qilgan.

"Ular hududda islomiy davlat, xalifalik yaratishni istaydi", - deydi Malashenko.

Galeottining aytishicha, muayyan boshqaruv tizimiga ega bo’lmagan jangarilarga qarshi kurash oson emas.

"Ular insonni mustaqil ravishda zo’ravonlik qilishga chorlovchi jihod mafkurasiga ergashadi. Zo’ravonlik omma e’tiborini qaratadi, ayrim hollarda esa jangari yollashga yordam beradi. Ana shunday yo’l bilan ular mafkura va ta’limotini yoyadi", - deydi Galeotti.

Rossiya Chechenistonda bo’lginchilik harakatini parchalagandan so’ng janubdagi to’rt respublikani o’z ichiga olgan siyosiy beqarorlik markazi Dog’istonga ko’chdi. Shimoliy Kavkazdagi qurolli to’qnashuvlarda o’tgan oy o’lgan 78 odamning uchdan ikki qismi Dog’iston hissasiga to’g’ri keladi.

Shayx Atsayevning o’limidan so’ng respublika rahbari yoshlardan ko’ngilli mudofaa otryadlari tuzishni taklif etib, radikal g’oya targ’ibotchilariga qarshi kurashga da’vat etdi.

“Kommersant” gazetasining xabar berishicha, Atsayevning dafn marosimida 80 ming odam ishtirok etgan. Aksariyati marhum shayxning tarafdorlari, jumladan muridlari, arbobning o’limi uchun qasos olishga shay odamlar.

Kuzatuvchilar zo’ravonlik yanada kuchayishi mumkin deya xavotirda. Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Malashenkoning aytishicha, vahobiylarga qarshi hozir chora ko’rilmasa, ahvol yanada yomonlashishi mumkin.

"O’zlarini salafiylar deya yuritayotgan radikal musulmonlar har narsaga qodir ekanini yaxshi bilamiz", - deydi ekspert.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG