Rossiyaning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi nimani anglatadi?

  • Amerika Ovozi

2015-yilning so'nggi kunida Rossiya yangi milliy xavfsizlik strategiyasini e'lon qildi. Unda NATOning Rossiya chegaralariga yaqinlashishi ilk bor tahdid deb belgilandi. Kuzatuvchilarga ko'ra, yangi strategiya Rossiyaning G'arb bilan sovuqlashgan aloqalarini ifoda etadi.

40 sahifali hujjatning keskin ohangli ekani aytiladi. Unda davlat manfaatlarining shaxsiy manfaatlardan ustunligi qayd etiladi, konstitutsion tartib, mustaqillik, davlat va hudud daxlsizligining buzilmasligi kafolatlanadi.

Rossiya xavfsizlik strategiyasida AQSh bilan aloqalarga ikki xil munosabat bildiriladi. Bir tomondan, Rossiyaning mustaqil tashqi va ichki siyosati xalqaro maydonda o'z hukmronligini saqlab qolishga urinayotgan AQSh va uning ittifoqchilari qarshiligiga uchradi, deyiladi. Strategiya AQShning Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasidan qaytmagani, Ukrainada davlat to'ntarishini qo'llab-quvvatlagani, Rossiyaga qo'shni mamlakatlarda harbiy va biologik laboratoriyalarni kengaytirayotgani da'vo qilinadi va tanqidga olinadi.

Boshqa tomondan esa, hujjatda Rossiyaning AQSh bilan teng va to'liq sheriklik o'rnatishga, terrorizmga qarshi kurashda va mintaqaviy mojarolarni hal etishda hamkorlikni oshirishga, ommaviy qirg'in qurollari tarqalmasligini ta'minlash uchun qurollar nazoratini kuchaytirishga va bu borada ishonch rishtalarini mustahkamlashga shay ekani aytiladi.

Rossiya xavfsizlik strategiyasida NATOning kengayishi, xalqaro qonunlarga zid holda blokka global vazifalarning yuklanishi, alyansga a'zo davlatlarning harbiy jihatdan faollashishi, NATO harbiy infratuzilmasining Rossiya chegarasiga yaqinlashayotgani keskin tanqid qilinadi va milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko'riladi.

AQShning Roud-Aylend shtatidagi Harbiy-dengiz kollejida milliy xavfsizlik masalalari bo'yicha professor Tomas Fedisinning aytishicha, NATOning tezkor kuchlarni kuchaytirish qarori Rossiyaning Qrim va Ukrainada revanshist siyosatiga bog'liq ekani hujjatda aytilmagan.

Fedisin NATO bosh qarorgohida ikki muddat AQShning Rossiya bo'yicha harbiy-dengiz maslahatchisi bo'lib ishlagan. Unga ko'ra, NATOning Polsha va Boltiq bo'yi davlatlaridagi qo'shinlari almashib turadi, doimiy emas hamda Rossiya chegarasida joylashgan rus qo'shinlariga qaraganda son jihatdan ancha oz.

Moskvadagi Strategik tahlil instituti prezidenti Aleksandr Konovalovning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, yangi strategiyadan Rossiyaning xalqaro sahnada yakkalanganini bilsa bo'ladi.

"Oldingi hujjatda tashqi siyosat va xavfsizlik siyosatida MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkilotida hamkorlikni kuchaytirish haqida so'z borgan edi. Yangisida esa sharq tomon burilish haqida lom-mim deyilmagan", - deydi Konovalov.

Moskvalik yana bir tahlilchi Alexander Golts nazarida, yangi milliy xavfsizlik strategiyasi oldingilariga qaraganda ko'proq agressiv mudofaaga qaratilgan.

"Bu hujjatning mafkuraviy ma'nosi shundan iboratki, Rossiya g'animlar tomonidan halqaga olingan, uning mustaqil va avtonom tashqi siyosatini ko'ra olmayotgan G'arb mamlakatlari siyosatiga qarshilik ko'rsatmoqda. Agar Rossiya diplomatik va siyosiy yo'llar bilan o'z maqsadlariga erisha olmasa, u holda harbiy qudratini ishga solishi mumkin ekani ham shu strategiyada bitilgan", - deydi Golts.

Tahlilchi Rossiyaning milliy xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi idoralari Prezident Putin tasdiqlagan joriy hujjatdan amaliy qo'llanma sifatida foydalanmaydi degan umidda.

"Rossiyada bu kabi hujjatlarning toza byurokratik xarakterga ega ekanini yodda tutish kerak. Agar strategiya sinchkovlik bilan o'rganilsa, byurokratik idoralarning qarama-qarshi qarashlarini ko'rish mumkin. Strategiya Rossiya rahbarlarining o'yu-fikrlarini aks ettirmasligini tushunish lozim. Ular dunyoga qarashlari shunday ekanini yetkazmoqchi", - deydi Golts.

Aytish joiz, AQSh rasmiylari Rossiyani ko'pdan beri dushman va tahdid deb biladi. Prezident Barak Obama BMT Bosh Assambleyasining 2014-yilgi sessiyasida ebola virusi va "Islomiy davlat" terrorchi guruhi qatorida Rossiyani uch tahdiddan biri sifatida tilga olgan.

AQShning birinchi raqamli harbiysi, general Jozef Danford esa shu yil yozida Senatdagi tinglovda Rossiyani Amerika milliy xavfsizligiga eng katta tahdid deb atagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG