Rossiyada millatchilik keng quloch yoymoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya AQShdan so’ng dunyoda eng ko’p muhojir ishchiga ega davlat hisoblanadi. Bu yerda ularning soni rasman 12 million ekani aytiladi. Ishchilarning 10 foizi Markaziy Osiyodan. So’nggi paytda ularga nisbatan irqiy kamsitish holatlari kuchaygan.

“Rossiya ruslar uchun; Moskva moskvaliklar uchun”!

Bu Milliy birdamlik kunida aytilgan gaplar. Millatlarni birdamlikka chaqirish o’rniga, ularni ajratishga undovchi bunday chaqiriqlar bugun Rossiyada tez-tez quloqqa chalinadi.

“Yaqinda Moskva oqlar shahriga aylanadi”, - deydi namoyishchilardan biri.

Shahar ma’muriyati millatchi guruhlar namoyishini shahar markazidan chetroqda o’tkazilishiga ruxsat berdi. Ayni paytda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Shunga qaramay Markaziy Osiyo va kavkazlik muhojir ishchilarga qarshi o’tkazilgan namoyishda minglab odam ishtirok etdi. Vladimir Tor millatchilarning yetakchisi.

“Rus millati manfaatlari va rus milliy demokratik hukumatini himoya qilib, Markaziy Osiyo hamda Kavkaz respublikalari uchun viza rejimi o’rnatilishini talab qilamiz”, - deydi u.

Tarixan, Rossiya chegaralarini kazaklar qo’riqlab kelgan. Kazak yigit Sergeyning aytishicha, muhojirlarning kelishi ish haqlarining qisqarishiga sabab bo’ldi.

“Bu sharoitlarni hukumatning o’zi yaratdi. Chunki osiyoliklar va kavkazliklar bu yerga kelib ishlasa, hukumat ularga slavyanlarga qaraganda oz haq to’lashdan manfaatdor. Lekin biz slavyanlar katta aholiga egamiz va ishsiz o’tiribmiz”, - deydi u.

Moskvada musulmonlar sonining o’sib borayotgani ham Rossiya arzon musulmon ishchilari mehnatiga tayanishini ko’rsatadi.

Ammo mahalliy aholi ko’proq nazoratning izdan chiqishidan xavotirda.

Millatchi siyosatdon Vladimir Jirinovskiy yaqinda televideniye orqali qilgan murojaatida Rossiyaning Kavkaz mintaqasidagi oilalarga bola tug’ishni cheklash taklifi bilan chiqdi.

“Ular o’rtacha oilada bo’ladigan miqdorda bola ko’rishiga ruxsat berish kerak. Bitta yoki ikkita bo’lsa kifoya. Uchinchi bola uchun jarimaga tortilishlari kerak. Agar bunga rioya qilishmasa, yopib tashlaymiz. Atroflarini sim to’r bilan o’rab tashlaymiz”, - dedi Jirinovskiy.

Inson huquqlari faoli Lyudmila Alekseyeva Kremlni xavfli strategiya qo’llayotganlikda ayblaydi.

“Ular millatlar orasiga nizo solmoqda. Bu chalg’itishning bir yo’li. Ular odamlarning hukumatdan noroziligini boshqa millatlardan norozilikka aylantiryapti. Buni payqash qiyin emas”, - deydi u.

Ammo bu yoshlarning namoyishi Rossiyada o’sib borayotgan millatchilikning faqat kichik ko’rinishi bo’lishi mumkin. Yaqinda “Levada” guruhi o’tkazgan so’rovga ko’ra, moskvaliklarning 81 foizi markaziy osiyolik ishchilarning deportatsiya qilinishini xohlaydi. Ishtirokchilarning 84 foizi esa Kremldan Kavkazga ko’rsatilayotgan yordamni to’xtatishni talab qilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG