Rossiya AQShga Ulyanovsk yaqinidagi tranzit markazini taklif qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Ulyanovsk-Kobul yo'nalishi

Ulyanovsk-Kobul yo'nalishi

NATO so'nggi uch yildan beri Afg'onistondagi qo'shinlari uchun yukning bir qismini Shimoliy ta'minot tizimi orqali yetkazadi. Tizim Rossiya orqali o'tadi, yuk manzilga temiryo'l bilan yetkaziladi. Endi rasmiy Moskva koalitsiyaga havo sarhadlarini ham taklif etmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, AQSh va NATO Afg'onistonga va undan askarlar va harbiy yukni transportirovka qilishda Ulyanovsk shahri yaqinidagi aerodromni tranzit markazi sifatida ishlatishi mumkin.

SSSR asoschisi Vladimir Leninning ona shahri Afg'onistondan uch ming kilometr narida joylashgan. Samolyotlar yo'lda Markaziy Osiyo uzra uchadi.

Lavrov nazarida NATO qo'shinlarini Afg'onistondan 2014-yil oxirigacha chiqarish rejasida ekan, Ulyanovskdagi aerodrom asqatishi mumkin.

Seshanba kuni AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Qirg'izistonda bo'lganida "Manas" aviabazasi kelajagi haqida gap ketgan. Ijara muddati 2014-yil iyuligacha. Qo'shma Shtatlar bazani bu sanadan so'ng ham qoldirmoqchi, ammo Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev bitim yangilanmaydi, deya ogohlantirgan.

Vashingtonlik tahlilchi Joshua Kucheraning aytishicha, AQSh bundan xavotirlanmasligi kerak, Qirg'iziston shunchaki savdolashmoqda, xolos. O'z vaqtida Qirg'iziston parlamenti "Manas"dan AQSh qo'shinlarini chiqarishga do'q-po'pisa qilganida Qo'shma Shtatlar ijara haqqini qayta ko'rib chiqishga va baza uchun ko'proq pul to'lashga rozi bo'lgan edi.

"Bishkek va Moskvadagilar bu safar ham shunday bo'ladi, deb o'ylaydi. Ijara uchun yangi narx belgilanadi", - deydi Kuchera.

Tahlilchining aytishicha, Manas va Pokiston yo'nalishlari pand bersa, Ulyanovskdagi aerodrom qo'l keladi. AQSh-Pokiston munosabatlari o'tgan yil noyabridan beri sovuq ekan, rasmiy Islomobod NATO uchun ta'minot yo'llarini yopib qo'ygan. Havo yo'nalishlari esa AQShga qimmatga tushadi.

Rossiyada 4-martda o'tgan prezident saylovlaridan oldin Vladimir Putin saylov kampaniyasi davrida AQShga nisbatan keskin chiqishlari bilan saylovchilar ko'nglini ovlashga harakat qilgani aytiladi.

"Saylov o'tgach, Kreml hovuridan tushmoqda", - deydi tahlilchi Kuchera.

Rossiyaning NATOdagi sobiq vakili, ayni damda bosh vazir o'rinbosari Dmitriy Rogozin siyosatdagi bunday burilishdan xavotirga tushgan aksil-Amerika kayfiyatdagi fuqarolarni tinchlantirishga urindi.

Uning aytishicha, Ulyanovsk yaqinida AQShga taklif etilayotgan baza orqali qurollar o'tmaydi.

"NATO tualet qog'ozlarining Rossiya orqali o'tishiga ruxsat berganimiz bilan Vatanni sotgan bo'lmaymiz" deb yozadi Rogozin o'zining Facebook dagi sahifasida.

Rogozin va boshqa rasmiylar masalaning iqtisodiy tomoniga e'tibor berishga chaqiradi. Kelishuv avia va avtomobilsozlik sohalarida og'ir davrni boshdan kechirayotgan shahar uchun dalda bo'ladi, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG