Breaking News

Rossiya-NATO uchrashuvi samarasiz yakunlandi


NATO Bosh kotibi Jens Stoltenberg
NATO Bosh kotibi Jens Stoltenberg

NATO va Rossiya rasmiylari 13-iyul kuni uchrashishi ortidan har ikki taraf orasidagi keskinlik yumshashi kutilgan edi. Ammo alyans rahbarining aytishicha, yig'inda tomonlarning yakdil qarashda emasligi ma'lum bo'lgan.

Inqirozlarning oldini olish maqsadida 14 yil oldin tuzilgan NATO-Rossiya Kengashi a'zolari Varshavada o'tgan NATO sammiti ketidan o'tgan hafta Bryusselda ko'rishdi.

Varshavadagi anjumanda harbiy alyans sharqiy Yevropaga to'rtta balatyon jo'natishini e'lon qildi. Rossiya esa chegarasida NATO harbiylarining ko'payayotganidan norozi.

13-iyulgi uchrashuvda ham shu masalalar muhokama qilingan.

"Ochiq va foydali uchrashuv bo'ldi", - dedi NATO Bosh kotibi Jens Stoltenberg.

Uning aytishicha, yig'inda Ukraina asosiy bahs mavzusi bo'lgan.

"NATO ittifoqchilari Rossiyaning Qrimni noqonuniy bosib olishini tan olmaydi", - dedi Stoltenberg.

2014-yildan beri ikkinchi uchrahsuv

Kengash 2014-yildan beri ikkinchi bor uchrashmoqda. Ikki yil oldin Rossiya Qrimni egallab olib, sharqiy Ukrainada ayirmachilarni qo'llab-quvvatlashni boshlagach, NATO bilan aloqalar uzilgan edi. 2008-yil Gruziya bosqinidan so'ng ham tomonlar rasmiy uchrashuvlarni bekor qilgan. NATOning aytishicha, alyans hanuz Rossiyani Gruziya tarkibiy qismi bo'lgan Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqilligini tan olish qarorini bekor qilishga chaqiradi.

Rossiyaning NATOdagi vakili harbiy alyans qabul qilgan so'nggi choralarni "haddan oshish" deb baholadi.

Tahlilchilarning aytishicha, Rossiya harbiy harakatlarinini kuchaytirgan bir paytda AQSh va NATOning Boltiq davlatlari hamda Polshaga askar kiritishi to'g'ri qaror. NATO a'zolari Estoniya va Latviya, ayniqsa, jiddiy tahdid ostida ekani aytiladi.

RAND korporatsiyasi o'tkazgan tajriba va tahlilning ko'rsatishicha, Rossiya harbiylari Estoniya poytaxti Tallinga yoki Latviya poytaxti Rigaga 60 soat ichida kirib borishi mumkin. Tahlilchi Deyvid Shalpak bu bosqinni qaytarish uchun mintaqada yetarli NATO kuchlari yo'q ekanini aytadi.

Oshkoralikka chaqiriq

Chorshanba kungi yig'inda ziddiyatlarni kamaytiruvchi biror natija ko'zga tashlanmagan bo'lsa ham, tomonlar bir-birini mavjud qonun-qoidalarga rioya qilishga chaqirgan.

"Bugun muzokara stoli atrofida o'tirgan har bir odam aloqalarimiz ishonch, barqarorlik va kutilgan qarorlar asosiga qurilishini ta'minlash mas'uliyatiga ega, - dedi Stoltenberg. - Falokat va tushunmovchiliklarning oldini olishni istasak, oshkoralik va xavfni kamaytirish muhim".

Rossiya havodagi to'qnashuvlar xavfini kamaytirishni taklif qilgan. Stoltenberg bu taklifni qo'llab-quvvatlagan va masala ehtiyotkorlik bilan o'rganilishini aytgan.

AQSh rasmiylari NATO va Rossiya o'rtasida kuchaygan so'nggi ziddiyatlar yangi Sovuq urushning boshlanayotganidan dalolat qiladi, degan fikrlarni inkor qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG