Rossiya janubi-g'arbiy chegaralarida harbiylari sonini oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning SU-33 qiruvchi samolyoti Qrimdan havoga ko'tarilmoqda, 27-avgust, 2015-yil.

Rossiyaning SU-33 qiruvchi samolyoti Qrimdan havoga ko'tarilmoqda, 27-avgust, 2015-yil.

AQSh Davlat departamenti Rossiya chegaralarda askarlari sonini oshirayotganidan xavotir bildirdi. Kreml bu choralar chegaraning narigi tomonida harbiy harakatlar faollashganiga qarshi ko'rilayotgan javob ekanini aytmoqda.

"Agar to'g'ri bo'lsa, bu sharqiy Ukrainada zo'ravonlikni to'xtatish va ziddiyatlarni kamaytirish bo'yicha Rossiya bergan va'dalarga zid ish", - dedi Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Moskvada kechgan vazirlik yig'inida janubi-g'arbiy chegaralarda, xususan, Qrimda askarlar soni oshirilgani, ko'proq havo mudofaa tizimlari o'rnatilgani haqida gapirgan.

"Bu ko'proq Boltiq davlatlaridan ko'ra Ukrainaga ta'sir ko'rsatadi", - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida Rossiya va Yevrosiyo dasturi direktori o'rinbosari Jefri Menkof.

Unga ko'ra, bu kutilmagan holat emas.

Tahlilchining aytishicha, Rossiya anchadan beri bu yerga kuchlarini joylashtirib keladi va turli holatlarda Ukrainani butunlay bosib olish amaliyoti rejada mavjudligiga ishora qilgan.

Qrimda Rossiya askarlari ko'paygani haqida so'ralgan savolga Jon Kirbi Yevropa chegaralarini qurol o'qtalib o'zgartirish urinishlariga yo'l qo'ymaymiz, deb javob berdi.

Rossiya 2014-yil Qrim yarimorolini Ukrainadan tortib olgan.

Shoyguning aytishicha, Moskva 2013-yildan beri to'rtta yangi diviziya, 9 brigada hamda 22 ta polk tuzgan. Ikki brigada Iskandar raketa tizimlari bilan qurollangan. Bular "ehtimoliy dushmanlarni yakson qilish" maqsadida hamda NATO kuchlarining Polshada kuchayishiga javoban amalga oshirildi, deydi Rossiya mudofaa vaziri.

"AQSh ham, NATO ham Rossiyaga tahdid emas", - deya Kirbi Rossiya rasmiysining xavotirlarini inkor qildi.

Ayrim tahlilchilar Sharqiy Yevropada NATO kuchlarini yanada ko'paytirish zarur, degan fikrda.

Masala AQSh saylov kampaniyasiga ham ko'chdi. Prezidentlik uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp AQShning NATO ittifoqchilarini shartsiz himoya qilishi majburiyatini savol ostiga oldi. Unga ko'ra, alyans a'zolari xarajatlar uchun munosib hissa qo'shmaguncha, AQSh ularni himoya qilish majburiyatiga ega bo'lmasligi kerak.

2014-yilgi NATO sammitida a'zo davlatlar 2024-yilgacha yalpi ichki mahsulotlarining kamida 2 foizini mudofaa uchun sarflashga kelishib olgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG