Rossiya AQSh demokratik jamg'armasini "nomaqbul" deb topdi

  • Amerika Ovozi

Rossiya Vashingtonda joylashgan va AQSh Kongressi tomonidan moliyalanadigan Demokratiya milliy fondini “nomaqbul” deb topdi. U Rossiyada yangi qonun asosida taqiqlangan birinchi xorijiy nodavlat tashkilot bo’ldi.

Bosh prokuratura saytiga qo’yilgan bayonotga ko’ra, bu tashkilot Rossiyadagi biznes va notijorat guruhlari orqali saylov natijalarini noqonuniylashtirish, hukumat qarorlariga ta’sir ko’rsatish hamda Rossiya qurollari kuchlari xizmatini obro’sizlantirish kabi faoliyat bilan shug'ullangan.

1983-yilda tashkil etilgan Demokratiya milliy fondi har yili 90 dan ortiq davlatda erkinlik va oshkoralik targ'iboti uchun 1000 dan ortiq grant ajratadi. U Rossiyada fuqarolik jamiyati, jumladan, mamlakatda eng keksa huquq tashkiloti hisoblangan Moskva Xelsinki guruhini moliyalab kelgan.

Rossiya hukumati qaroriga javoban, Demokratiya milliy fondi bayonot chiqarib, xorij tashkilotlarini nomaqbul deb topuvchi qonun Rossiya fuqarolarining erkinliklarini cheklayapti, deya ta’kidladi.

“Bu qonun, avvalgilaridek, Rossiyaning o’z konstitutsiyasiga hamda ko’plab xalqaro qonun va kelishuvlarga ziddir, - deyiladi tashkilot bayonotida. – Bu qonunlarning asl maqsadi Rossiya fuqarolarini qo’rqitish va ajratib qo’yishdir”.

Tashkilot dunyo bo’ylab erkinlik va inson huquqlarini targ'ib qilishda davom etishini eslatmoqda.

May oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin konstitutsiyaviy tuzumga tahdid solayotgan xalqaro tashkilotlarni “nomaqbul” deb topish haqidagi qonunga imzo chekkan edi.

Shu oy boshida esa Rossiya parlamenti yuqori palatasi tashqi ishlar va adliya vazirlarini hamda bosh prokurorni 12 ta tashkilot, jumladan, Demokratiya milliy fondini tekshirishga chaqirgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG