Rossiyada muxolifat lideri Boris Nemsov xotirlandi

  • Amerika Ovozi

Rossiyada muxolifat lideri Boris Nemsov yodga olinmoqda. Prezident Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo'lgan liberal arbob o'tgan yili 27-fevral kuni Kreml yaqinida otib o'ldirilgan edi.

Moskvada Nemsovning portretlari va plakatlarni ko'tarib, 20 mingdan ziyod fuqaro xotira marosimiga chiqdi.

AQShning Moskvadagi elchisi Jon Teft ham aksiyaga qo'shilib, ko'prikka "Amerika xalqi nomidan" deb yozilgan gulchambar qo'ygan.

"Nemsovni nafaqat hukumat rasmiysi va siyosatchi, balki ko'plab amerikaliklar do'st deb bilardi. Bugun uni xotirlab, u kurashgan qadriyatlarni yodga olayapmiz. Nemtsovning orzulari bir kun kelib Rossiyada amalga oshadi deb umid qilamiz", - deydi AQSh elchisi.

Rossiya hukumati oppozitsiya namoyishiga ruxsat bergan bo'lsa-da, qotillik yuz bergan joyda doimiy yodgorlik o'rnatilishiga qarshi.

Sobiq bosh vazir, hozirda "Parnas" muxolif partiyasi rahbari Mixail Kasyanovga ko'ra, Boris Nemsovning o'limi yuzasidan jinoiy ish oxiriga yetkazilmagan. "Kim o'q uzgani aniqlandi xolos, qotillikni buyurganlar, tashkilotchilar ushlanmadi", - deydi u.

Muxolifat nazarida Putin bu qotillikka bevosita aloqador bo'lmasa ham yovuz avtoritar tizim vujudga kelgani uchun, jamiyatdagi qonunsizlik muhiti uchun aynan prezident javobgar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG