Rossiya nodavlat tashkilotlarga “xorij agenti” deya tamg’a bosadi

  • Amerika Ovozi

Kuchga kirishi uchun qaror avval Dumadan, keyin federal kengashdan o’tishi kerak.

Kuchga kirishi uchun qaror avval Dumadan, keyin federal kengashdan o’tishi kerak.

Rossiya rahbari Vladimir Putin prezidentlikka qaytib, ikki oydan keyin siyosiy muxolifatni tiyishga qaratilgan bir necha chora e’lon qildi. Kuchga kirishi uchun qarorlar avval Dumadan, keyin federal kengashdan o’tishi kerak.

Vladimir Putin cheksiz tanqidlar bilan yuzlashar ekan, miq etmay o’tirmoqchi emas. Iyun boshida u namoyishchilarga solinadigan jarimani keskin oshirdi.

Bugun Duma xorijdan moliya oladigan nodavlat tashkilotlarga “chet el agenti” deya tamg’a bosuvchi qonunni tasdiqladi. Amnesty International, Transparency International va Jahon Tabiat Fondi kabi tashkilotlarning Rossiyadagi bo’limlari ushbu qonun nishoniga aylanishi mumkin.

Bu chora, deydi rasmiylar, notijorat tashkilotlar yopilishi, huquqlari cheklanishi kerak, degani emas, balki ularning faoliyatini, moliyaviy manbalarini ommaga oshkor etishni nazarda tutadi.

Lyudmila Alekseyeva Sovet Ittifoqida inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni kuzatish uchun 1976-yilda Moskva Xelsinki guruhini tuzishga yordam bergan. Hozir yoshi 84da.
“Xorij agenti” deb atagandan ko’ra guruhni yopib qo’ya qolishsin, deydi u.

Uning aytishicha, Moskvada asoslangan inson huquqlari tashkiloti chet el agenti sifatida ro’yxatdan o’tmaydi, chunki bu safsata.

Olga Lenkova isyonkor yoshlardan. Sankt-Peterburgdagi “Vixod” guruhi a’zosi, gomoseksual insonlar haq-huquqlari uchun kurashmoqda. Qudratli Kreml fuqarolarni qo’rqitmoqchi, muxolifatga pul bermaslikka majbur qilmoqchi, deydi u.

“Chet eldagi fondlardan pul oluvchi nodavlatlar tashkilotlar juda ko’p. Agar hammasi xorij agentlari hisoblansa, hukumatni hech kim tanqid qila olmaydi, degani bu. Holbuki, bizning vazifamiz shu, rahbariyatni savolga tutib, xatolarini eslatib turish, ularni to’g’rilashga majburlash”.
Notijorat tashkilotlarni moliyalashdan asosiy maqsad…rangli inqiloblardir

O’tgan hafta Rossiya parlamentda bir deputat sobiq lider Mixail Gorbachevni “chet el agenti” deb e’lon qilish kerak, deb chiqdi. Gorbachev Jamg’armasi xorijdan xayriya oladi.

Ajnabiy agentlarga doir qonun loyihasi mualliflaridan biri Aleksandr Sidyakin o’zining blogida shunday deb yozadi: “Notijorat tashkilotlarni moliyalashdan asosiy maqsad…rangli inqiloblardir”. “Qo’shma Shtatlar Rossiya siyosatiga ta’sir qilishga urinmoqda” deya qo’shadi u.

O’tgan oy huquq-tartibot organlari hukumatga qarshi namoyishlar tashkilotchilarining uylarini tintuv qilgan; mamlakatda internetni nazorat qiluvchi qonun loyihasi ma’qullangan edi.

Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Masha Lipmanning aytishicha, 7-mayda qasamyod keltirgan Putin sekin-asta erkinlikni bog’ishga kirishmoqda.

“Oxirgi kunlarda, ayniqsa, bosim kuchaygan. Tintuvlar, reydlar, yangi qonunlar… Oddiy odamlar hibsga olinayotgani qo’rqinchli, chunki fuqarolar atrofga qarab, meni ham shu hol kutmoqda, deya vahimaga tushadi. Moskvalik yoshlar, tadbirkorlar… Bir necha kishi qamoqda hozir. Hukumat kishanlarni mahkamlamoqda”, - deydi Lipman.

Ushbu cheklovlarga qaramasdan, muxolifat bo’sh kelmayapti. 26-iyul kuni Moskvada yirik namoyish rejalangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG