Rossiyada politsiya muxolifatchilar uyini tintuv qildi

  • Amerika Ovozi

Bugun taxminan 10 xonadon tekshiruvdan o’tishi aytilmoqda.

Bugun taxminan 10 xonadon tekshiruvdan o’tishi aytilmoqda.

Moskvada rejalangan ommaviy namoyishlar oldidan politsiya muxolifat yetakchilarining uylarini tintuv qilgan. Federal tergov qo’mitasi ma’lumotiga ko’ra, may oyida prezident Vladimir Putinga qarshi chiqishlar tekshiruv ostida va reydlar shu bilan bilan bog’liq.

Aleksey Navalniy, Sergey Udalsov va Ilya Yashin kabi oppozitsiya liderlari va faollarining xonadonlari tintuv qilingan. 6-may kuni, deya izohlaydi rasmiylar, hukumatga qarshi namoyishlar to’polonga aylanib, huquq-tartibot xodimlari atayin shafqatsizlarcha nishonga olingan.

Har ikki tomonda o’nlab odam jarohat olgan, yuzlab fuqaro qamalgan. Mitinglar ishtirokchilari va tashkilotchilar tergov ostida. Bugun taxminan 10 xonadon tekshiruvdan o’tishi aytilmoqda.

Oppozitsiya ertaga, seshanba kuni keng ko’lamli ommaviy chiqishlar rejalab turgan edi. Bu Putin kuni-kecha imzolagan qonunga javobdir. Unga ko’ra, ruxsatsiz kechgan mitinglar uchun jarima keskin oshdi: tashkilotchilar 30 ming dollargacha, qatnashchilar esa to’qqiz ming dollargacha pul yoki 200 soatlik majburiy mehnat bilan jazolanishi mumkin.

Moskvada muxolifat chiqishlari

Moskvada muxolifat chiqishlari

Mart oyida prezident saylovlarida Putin g’alaba qozonib, mayda ishga kirishdi. U 2000-2008-yillarda davlatni boshqarib, so’ng Dmitriy Medvedev prezidentligi paytida bosh vazir bo’lib ishladi.

Korrupsiyaga qarshi chiqishlari bilan tanilgan advokat, blogger Aleksey Navalniy va So’l front harakati yetakchisi Sergey Udalsov maydagi miting ketidan ikki hafta turmada o’tirdi. Navalniy blogida “huquq-tartibot xodimlari uyimga kiraman deb eshigimni sal bo’lsa arralab tashlay dedi” deya yozadi.

Uning advokati Anna Veduta voqeani “Rossiya konstitutsiyasini xor qilish” deya ta’riflamoqda.

Politsiya namoyishchilar safiga qo’shilgan taniqli teleboshlovchi Kseniya Sobchak, siyosatchi Boris Nemsov kabilarning ham uylariga borgan.

Moskvada ertaga “Millionlar yurishi” rejalanar ekan, faollar nazarida hukumat shu tariqa endi ishga kirishgan Putin ma’muriyati obro’sini himoya qilmoqchi. Oppozitsiya yo’lboshchilari ertaga so’roq uchun chaqirtirilgan va shu bois namoyishda ishtirok etishi gumon.

Biroq bu tintuvlar teskari natija berib, ko’proq odamlarni ko’chalarga chiqishga undashi aniq, deb hisoblaydi muxolifat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG