Rossiyada yangidan yangi partiyalar, hamma o'zini "original" deydi

  • Amerika Ovozi

Yana ikki loyiha ustida ish ketmoqda – Kremldan mustaqil jamoatchilik televideniyesi ochish hamda mahalliy hokimlarni xalq saylashiga ruxsat berish

Yana ikki loyiha ustida ish ketmoqda – Kremldan mustaqil jamoatchilik televideniyesi ochish hamda mahalliy hokimlarni xalq saylashiga ruxsat berish

Aholi orasida chuqur norozilik va namoyishlarga qaramasdan, o’tgan oy Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin osongina prezidentlikka saylandi va may oyidan lavozimga kirishadi. Muxolifat endi qanday yo’l tutmoqchi?

Rossiyada endi partiyaga asos solish uchun 40 ming emas, 500 imzoning o’zi kifoya. Ro’yxatdan o’tish talablari yumshatilgach, o’z guruhini tuzishga oshiqqanlar soni qo’ziqorindek ko’payib ketdi.

“Ishq-muhabbat” partiyasi, “Pivo shaydolari” partiyasi, “Subtropik Rossiya” partiyasi, Ommabop saytlar partiyasi va hokazo. “Xudoning 10 amri va Yaxshilar” degan partiyalar ham ro’yxatdan o’tish uchun ariza topshirgan.

Faollardan biri Mark Feygin ham do’stlari bilan liberal ruhdagi bir partiya tuzish niyatida, hali nom tanlagani yo’q.

Partiya tuzish jarayonini yengillashtiramiz, deb prezident Dmitriy Medvedev o’tgan yili dekabrda, norozilik namoyishlari avj olgan bir mahalda va’da bergan edi.

Yana ikki loyiha ustida ish ketmoqda – Kremldan mustaqil jamoatchilik televideniyesi ochish hamda mahalliy hokimlarni xalq saylashiga ruxsat berish.

Gubernatorlarni to’g’ridan-to’g’ri saylashga doir qonun shu yil so’nggida kuchga kirishi kerak. Amaldagilarini ishdan olib, yangilarini tayinlab qo’yish jarayoni allaqachon boshlangan.

Masalan, yaqinda Medvedev Favqulodda holatlar vaziri Sergey Shoygu nomzodini Moskva oblasti hokimi lavozimiga ko’rsatdi. Ommaviy so’rovlarga qaraganda, Shoyguning xalq orasidagi reytingi baland. Taxmin shuki, Kreml ommaga manzur bir odamni tayinlab, poytaxtda yangi qonunni sal bo’lsada kechiktirmoqchi.

Vladimir Putin o’tgan oygi prezident saylovlarida Moskvadan eng kam ovoz to’plagan edi. 10 shaharda ham merlik lavozimini mustaqil nomzodlar qo’lga kiritgan.

Siyosiy partiyalar to’g’risidagi yangi qonun, deydi ayrim ekspertlar, Rossiya muxolifatini bir-biriga qarshi kurashuvchi guruhlarga bo’lib tashlaydi. Saylov paytida partiyalar yagona koalitsiya bo’lib birlashishi mumkin emas.

Ammo, deydi sobiq deputat Mark Feygin, parlamentga saylangan muxolifatchilar birlashib, yagona blok bo’lib ovoz berishga haqli.

Amaldagi hukumatdan norozilikning yana bir ifodasi - o’tgan hafta Yaroslavl shahrida fuqarolarning 70 foizi mustaqil nomzod, Kreml tanqidchisi Yevgeniy Urlashovga ovoz berdi. Amaldagi mer esa Kreml tomonidan tayinlangan edi.

Urlashov o’tgan yili Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zoligidan voz kechgan. G’alabani nishonlar ekan, Yaroslavl ahli “korrupsiya va mahalliychilik” dan charchagan, deya byuroktratiyani kamaytirishga va moliyaviy nazoratni kuchaytirishga so’z berdi.

Yaroslavlda saylov o’tgan kun, oppozitsiya namoyishining oldini olish maqsadida Qizil maydonga yo’llar yopib qo’yildi. Politsiya oq kiyimda kelgan 55 kishi hibsga oldi.

Rossiya bahori, deydi kuzatuvchilar, bo’lajak prezident Putin kutganidek osoyishta bo’lmasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG