Putin saylovoldi kampaniyasi rahbarini ishdan oldi

  • Amerika Ovozi

Putin saylovoldi kampaniyasi rahbarini ishdan oldi

Putin saylovoldi kampaniyasi rahbarini ishdan oldi

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin prezident poygasiga uch oydan kam vaqt qolganida saylovoldi kampaniyasi rahbarini o’zgartirdi. Namoyishchilar talablaridan biri aynan shu – Vladislav Surkovni lavozimidan bo’shatish edi.

Televideniye orqali xalqqa murojaat qilgan Putin o’zini qattiqqo’l siyosatchi etib ko’rsatishga harakat qildi. Parlament saylovlari o’tib bo’lgani, endi tinchlanish kerakligini aytdi.

Moskvadagi “Karnegi” tadqiqotlar markazi tahlilchisi Nikolay Petrov fikricha, bu bilan bosh vazir o’zini kuchli rahbar sifatida namoyish qilmoqchi. Axir, shanba kuni Moskva ko’chalariga Putinga qarshi plakat va shiorlar ko’tarib 100 ming odam chiqdi.

”Bu bilan u o’ziga ruhiy dalda bermoqchi. O’zi xohlamagan, ko’ngli chopmagan holda qaror qabul qilsa, Putin odatda shunday gapiradi, chunki bu uning zaifligini ko’rsatayotgan qaror, deb o’ylaydi”, - deydi tahlilchi.

Namoyishchilar nafaqat Putin, balki uning yaqin safdoshi, parlament saylovlarida katta rol o’ynagan Vladislav Surkovdan ham norozi edi.

Vladislav Surkov

Vladislav Surkov

Putin Surkov o’rniga boshqa odamni tayinlashga qaror qildi.

Bu qarorning 4-mart kuniga belgilangan prezidentlik sayloviga 10 haftadan kamroq vaqt qolganida qabul qilinishi hamda Surkovning siyosiy ahamiyati inobatga olinsa, Putin jiddiy muammoga yuz tutganini tushunish mumkin.

Vladislav Surkov Putinning 2000-yilgi saylovoldi kampaniyasini boshqargan va unga prezident bo’lishga yordam bergan. “Yedinaya Rossiya” partiyasi va “Nashi” yoshlar harakatiga ham aynan u asos solgan. Televideniyeni Kreml nazoratiga olgan odam ham aynan Surkov.

“Bu qadam Kremlni zaiflashtiradi, chunki Surkov yaratgan bahaybat siyosiy mashina usiz endi yaxshi ishlolmaydi”, - deydi Surkovning ishdan bo’shatilishi haqida ekspert Petrov.

Surkov o’rnini egallagan Vyacheslav Volodin kasaba uyushmalarini o’ziga olgan “Rossiya xalq jabhasi”ni ta’sis etgan. Demak, prezidentlik saylovida Putinga asosan ishchilar ovoz beradi. Ayni muddao, deydi tahlilchilar, chunki so’nggi namoyishlar ko’rsatganidek, o’rta sinf Putin va Medvedevdan charchagan va keskin o’zgarishlarni talab qilmoqda.

“Xalq jabhasi” a’zolari oldida chiqish qilgan Putin saylovlar ochiq va adolatli bo’lishi kerakligini ta’kidladi:

“Men saylovlarda firibsiz ga’laba qozona olaman”,- deya qo’shimcha qildi bosh vazir.

Muxolifat hamda saylovchilar prezidentlik saylovlarida soxtalashtirish hollariga yo’l qo’ymaymiz deb, shay turibdi. Juma kuni Rossiyada ikki haftalik ta’til boshlanadi. Undan keyin, fevral o’rtalariga borib yana namoyishlar uyushtirilishi haqida ma’lumotlar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG