Rossiyaliklar dushman deb biladigan uch davlat - AQSh, Ukraina, Turkiya

  • Amerika Ovozi

Rossiyalik ishchilar Prezident Vladimir Putin chiqishini tomosha qilmoqda. Krasnoyarsk, Rossiya. 2015-yil dekabr.

Rossiyalik ishchilar Prezident Vladimir Putin chiqishini tomosha qilmoqda. Krasnoyarsk, Rossiya. 2015-yil dekabr.

Mosvadagi mustaqil so’rov markazi o’tkazgan so'rov natijalariga ko’ra, rossiyaliklar uch davlatni Rossiyaning asosiy dushmani deb ko’radi - AQSh, Ukraina va Turkiya.

Levada markazi 20-23-may kunlari mamlakat bo’ylab 2400 odam bilan suhbat o’tkazgan. Natijalar ilgarigi izlanishlardan unchalik farq qilmaydi. Yagona o’zgarish – Turkiyaning asosiy dushmanlar ro’yxatidan o’rin olgani.

Bundan oldin Turkiyaga munosabat neytral yoki ijobiy bo’lgan. AQSh esa ko’p yillardan beri aksariyat rossiyaliklar uchun potensial tahdid va hatto “global yovuzlik manbai” bo’lib qolmoqda.

So’rov shuni ko'rsatdiki, bugun, 2014-yilda Rossiya Qrimni o’z hududiga qo’shib olishidan oldingiga qaraganda, Amerika va Yevropaga salbiy munosabat kuchaygan.

Ukraina ham Rossiyaga dushman deb ko'riladi - so’ralganlarning 48 foizi Rossiyaga eng yomon munosabatda bo’lgan besh davlat sirasida aynan Ukrainani keltirgan. Bu 2015-yilgi natijadan (37 foiz) ko’proq.

Turkiyaga kelsak, o'tgan yili respondentlarning bor-yo’g’i bir foizi bu mamlakatni salbiy baholagan bo’lsa, hozir bu ko'rsatkich 29 foizga teng.

AQShga nisbatan omma fikrida jiddiy o’zgarish yo’q: Rossiyaning eng katta beshta dushmani orasida AQShni sanab o’tganlar 2015-yilda 73 foiz bo’lgan, joriy yilda esa 72 foiz.

So’ralganlar fikricha, Belarus, Qozog’iston va Xitoy Rossiyaning eng qalin do’stlaridir. Ulardan so’ng Hindiston, Armaniston va Kubani tilga olishgan. Yettinchi o’rinda - Suriya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG