Rossiya propagandasi: Informatsiya asri aslida dezinformatsiya asri

  • Amerika Ovozi

O’tgan oy Rossiyada AQSh elchisining Moskvada muxolifat namoyishida qatnashgani haqida xabarlar tarqaldi. REN-TV kanalining internetdagi sahifasida elchi Jon Teftning jurnalistlar savollariga javob berayotgan surati chop etilgan. Biroq rasm soxta bo’lib chiqdi.

AQShning Moskvadagi elchixonasi REN-TV xabariga javoban o’zining montaj qilingan rasmlarini tarqatdi. Ularda elchi urush maydonida, oyda va xokkey o’yini chog’ida tasvirlangan.

“Elchi dam olish kunini uyda o’tkazdi, lekin fotoshop sharofati bilan u har qayerda bo’lishi mumkin”, deydi elchixona kinoya bilan.

“Maqsad – Rossiya kanali propaganda tarqatayotganini namoyish etish edi”, - deydi Davlat kotibi muovini Benjamin Ziff. Bu rasmlar Rossiyada ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan.

Ammo uning fikricha, har bir soxta xabarga shu tariqa javob berish yaxshi natija bermaydi. "Har bir yolg’onga javob berishga urinish - samarasiz yondashuv”, - deydi rasmiy.

REN-TV telekanali AQSh elchisining shunday suratini chiqardi

REN-TV telekanali AQSh elchisining shunday suratini chiqardi

REN-TV keyinchalik surat soxta ekanini tan olib, uzr so’ragan.

Bugun Rossiya uchun senzura muammo emas. Targ’ibot shu qadar kuchliki, odamlar nima yolg’onu, nima rostligini ajrata olmay qolgan.

AQSh diplomatiga ko’ra, Rossiya propaganda maqsadida yiliga 1,4 milliard dollar sarflaydi. Televideniye va radiosini 130 mamlakatda 600 million odam tinglaydi va tomosha qiladi.

“Ular mahorat bilan tezkor rejimda ishlaydi, auditoriya geografiyasiga osonlikcha moslashadi”, - deydi Amerika Biznes institutidan Leon Aron.

“Faqat yolg’on”

“Rossiya olib borayotgan dezinformatsion kampaniyaning demokratik jamiyatlarga katta ta’siri yo’q, chunki odamlar turli manbalardan ma’lumot olish imkoniga ega”, - deydi Aron.

Biroq sobiq Sovet o’lkalarida vaziyat boshqacha. Bu mamlakatlarda Rossiya targ’ibot mashinasi samarali, chunki ishonchli ma’lumot manbalari kam, deydi AQSh Teleradio Kengashi a’zosi.

Mahalliy jurnalistlar malakasini oshirish, senzurasiz matbuot muhitini yaratishda ko’maklashish lozim, deydi Senatda so’zlagan mutaxassislar.

AQSh elchixonasi Rossiya propagandasiga javoban fotoshoplab chiqargan suratlar

AQSh elchixonasi Rossiya propagandasiga javoban fotoshoplab chiqargan suratlar

Leon Aron Rossiyaning eng ommabop telekanalini misol keltiradi. Ukraina hukumati nazoratidagi hududdan qochgani aytilgan bir ayol televideniye orqali Ukraina askarlari rossiyaparast bir bo’lginchining rafiqasi va o’g’lini qatl etganini o’z ko’zi bilan ko’rganini ta’kidlaydi va fojea tafsilotlari bilan o’rtoqlashadi.

“Bu mutlaqo yolg’on bo’lgan”, - deydi Aron. Stopfake.org veb sayti asoschilari, Kiyevdagi jurnalistika maktabi talabalari bu ayolni topib, pul evaziga televideniyeda yolg’on gapirishga rozi bo’lganini aniqlagan.

Haqiqatning qadri yo’q

“Kreml mafkurasi bu – sinizm. Uning uchun demokratik va avtoritar rejimlar o’rtasida hech qanday farq yo’q, haqiqat va yolg’onni bir-biridan ajratmaydi”, - deya so’zladi tadqiqotchi va muallif Pyotr Pomerantsev.

Vladimir Putin bir kuni Qrimda Rossiya askarlari yo’q deydi, bir necha hafta o’tib, bor deydi. Ular uchun haqiqatning qadri yo’q, deydi Pomerantsev.

Rossiyadan tashqarisida yashaydigan 90 million rusiyzabon aholi orasida izlanishlar olib borgan Pomerantsev ayrim xulosalar bilan bo’lishdi.

“Hozir axborot shunchalik ko’pki, kim rost gapirayotgani va kim yolg’on gapirayotganini bilib bo’lmaydi. Lekin Rossiya axborot vositalari materialni qiziqarli, ta’sirchan qilib taqdim etadi. Shuning uchun ularni tomosha qilamiz deb aytishdi bizga”, - deydi Pomerantsev.

Rossiya informatsiya asrini dezinformatsiya asriga aylantirdi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG