Rossiyada norozilik namoyishlari

  • Amerika Ovozi

Moskvada norozilik namoyishlari. 24-dekabr 2011 yil

Moskvada norozilik namoyishlari. 24-dekabr 2011 yil

Moskvada qattiq qor yog’ib, havo sovuganiga qaramay kenq qamrovli norozilik namoyishlari bo’lib o’tmoqda. Bosh vazir Vladimir Putin va prezident Dmitriy Medvedevdan to’yganini aytayotgan odamlar shahar maydonlari va ko’chalarni egallab olgan.

Bu namoyishlar demokratiya uchun jiddiy sinov. Tashkilotchilar keng ommani jalb etishga umid qilmoqda. Bu oson emas. Chunki Rossiyada ikki haftalik ta’til yaqinlashyapti.

Namoyishlar paytida ishlatish uchun 100 ming dollarlik audio apparatura sotib olindi. Bunday katta mablag’ Putinga qarshi chiqayotganlar tomonidan ajratilgan.

Taniqli aktyor va xonandalar namoyishlarni qo’llab-quvvatlamoqda. Yig’inlarga ko’proq odam jalb etish uchun bepul choy, shirinliklar va sharlar tarqatilmoqda.

Gitler va Napoleon Rossiya sovug’iga chiday olmay, mag’lubiyatga uchragan. Namoyishchilar esa chidaymiz, deydi.

Moskvadagi Karnegi tadqiqot markazi tahlilchisi Nikolay Petrov fikricha namoyishlar yanada keng tus oladi:

“Havo unchalik sovuq emas, demak ko’p odam chiqadi. Kreml esa ta’tillarni kutmoqda”.

Namoyishlar 4 dekabrgi parlament saylovlaridan keyin boshlanib ketdi. Saylov adolatli o’tmadi, jarayon soxtalashtirildi, deydi muxolifat vakillari.

Kreml namoyishlarni jiddiy qabul qilishga majbur. Axir 4 martga prezidenlik saylovlari mo’ljallangan. Asosiy nomzod – hozirgi Bosh vazir Vladimir Putin. Uning reytingi tobora pasayib ketyapti.

Hukumat boshida namoyishchilarni hibsga olish uchun militsiyani ishga soldi. Putin AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonni muxolifatni moylayotganlikda aybladi.

Shu hafta payshanba kuni prezident Medvedev demokratik islohotlar dasturini e’lon qildi, lekin odamlar noroziligi oshib bormoqda. Pichoq borib suyakka taqalgan, deydi faollar.

Rossiyada norozilik namoyishlari

Rossiyada norozilik namoyishlari

Namoyish tashkilchilaridan biri Ilya Yashin Medvedev to’rt yildan buyon odamlarni aldab kelyapti, va’dalarini bajarmagan, deydi:

"Kreml faqat mana shu namoyish kabi ommaviy choralarga javob beradi,. To’rt soat davom etadigan tadbirda qatnashmoqchi bo’lganlar soni 50 mingdan oshdi", - deydi Yashin.

Hukumat rasmiysi Vladislav Surkov gazeta orqali namoyishchilarni Sovet Ittifoqining ayrim respublikalarida yuz bergan “rangli inqilob” kabi hodisalardan ogohlantirdi.

Karnegi tadqiqotlar markazi tahlilchisi Nikolay Petrov Medvedevni “siyosiy murda” deb ataydi. Putinga esa umid qolmagan, u o’zgarmaydi, deydi Petrov.

“Hokimiyat cho’qqisida 12 yildan beri turibdi. Yoshi 60 da. Bunday shaxsning keskin o’zgarishiga umid yo’q. Putin esa o’zgarishni istamaydi ham”.

Namoyishchilar o’zagini 20-30 yoshlilar tashkil etadi. Ular bir-biri bilan internet orqali muloqot qiladi. Putin tarafdorlari esa, asosan, keksalar.

Namoyishlar Saxarov ko’chasidan boshlangani bejiz emas. Dissident-olim Andrey Saxarov 80-yillarda kommunistlar partiyasi va hokimiyatiga qarshi chiqqan. Sovet imperiyasi qulaganiga esa shu kunlarda 20 yil to’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG