"Oqsoqollar" Putin bilan Ukraina, qurollar masalasini muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq rahbari Jimmi Karter va dunyoning boshqa sobiq yetakchilaridan iborat "Oqsoqollar" guruhi Moskvaga tashrif buyurib, Vladimir Putin bilan uzoq suhbat qilgan.

Ma'lumki, bugun Rossiyaning G'arb bilan aloqalari o'ta tarang. Janob Karter Putin bilan ilk uchrashuvidan so'ng "Amerika Ovozi"ga intervyu berdi.

2007-yilda Nelson Mandela tashabbusi bilan tuzilgan "Oqsoqollar" guruhiga qator davlatlarning sobiq prezident va bosh vazirlari hamda ko'zga ko'ringan keksa siyosiy arboblar a'zo. Ular fikricha, Rossiya Minsk bitimiga sodiq.

"Ruslar Ukrainada tinchlikni ta'minlash bo'yicha bitimning barcha shartlari bajarilishini istaydi, bunga shubham yo'q", - deydi Jimmi Karter.

Shu yilning fevral oyida Fransiya, Germaniya, Rossiya, Ukraina va bu davlatdagi bo'lginchilar ishtirokida Minsk-2 shartnomasi tuzilgan. Unga ko'ra, xorijiy askarlar Ukrainani tark etishi va og'ir qurollar frontdan olib chiqilishi zarur. Ko'pchilik nazarida urushga yakun yasash uchun eng so'nggi imkoniyat bu. Biroq G'arbda Ukraina armiyasini qurollantirishga chaqiriqlar hamon yangramoqda.

AQSh sobiq prezidenti Ukrainada ruz zobitlari borligi va Rossiyadan zamonaviy qurollar yetkazilayotgani haqidagi da'volarga izoh bermadi.

"Asosiy gap shuki, mamlakatga qurol-yarog' oqimi to'xtashi kerak. Prezident Obama Kiyevga aslaha jo'natmaydi degan umiddaman", - deydi keksa arbob.

Jimmi Karter Rossiya tarixiy faktorlar sabab bir kuni Qrimni o'z tarkibiga qo'shib olishi aniq edi, degan qarashini yana bir bor takrorladi. Qrim ahli shuni istagan va endi ortqa yo'l yo'q, deydi u.

"Tashabbus Qrimdan chiqdimi, Rossiyadan chiqdimi, buni bilmaymiz. Shunisi aniqki, tomonlar bir-birini tushunib, bu ishni birgalikda qilishdi", - deydi Karter.

G'arb nazarida, Rossiya o'z maxsus kuchlarini Qrimga safarbar etib va harbiy bazalarni bosib o'lganidan so'ng noqonuniy referendum o'tkazdi. Mustaqillik yoki Rossiyaga qo'shilish - qrimliklar ikki yo'ldan birini tanlashi kerak edi. Mahalliy hukumatga ko'ra, aholining 97 foizi Rossiya tarkibiga kirish uchun ovoz bergan.

Ayni damda Moskvada 9-may tantanalariga tayyorgarlik ketmoqda. G'arb yetakchilari, jumladan Germaniya, Britaniya va AQSh rahbarlari bu tadbirga bormaslikka qaror qilgan. Prezident Putin Vashingtonni Yevropaga buyruq berib turganlikda ayblagan.

Oqsoqollar bilan uchrashuvda Putin AQSh va Yevropa Ukrainaga doir barcha masalalarda maslahatlashib ish tutayotganini qayd etgan. Qizil maydonda o'tadigan paradga kelish-kelmaslik ularning o'zlariga havola, degan Putin.

Jimmi Karter qatorida Moskvaga Finlandiya va Meksika sobiq prezidentlari, shuningdek, Jazoir va Norvegiya sobiq vazirlari borgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG