Breaking News

Tahlilchilar: Putin AQSh bilan hamkorlik qiladi, ammo konstruktiv yaqinlik kutmang


Vladimir Putin Noma'lum Askar qabriga gulchambar qo'yish marosimida, Moskva, 8-may, 2012-yil
Vladimir Putin Noma'lum Askar qabriga gulchambar qo'yish marosimida, Moskva, 8-may, 2012-yil

Rossiyada Ikkinchi jahon urushida erishilgan g'alabaning 67 yilligi keng nishonlandi. Qizil Maydondagi harbiy paradni shu hafta uchinchi bor prezidentlikka kirgan Vladimir Putin qabul qildi. Kremlga eski xo'jayin qaytib, Qo'shma Shtatlarda prezidentlik masalasi noyabrda hal bo'lishi kutilar ekan, ikki davlat munosabatlari qanday o'zgarishlarga yuz tutishi mumkin?

Moskvadagi G'alaba paradida Mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov qo'shinlar saflangani haqida hisobot berish uchun Putinga so'nggi to'rt yilda ilk bor yana "o'rtoq oliy qo'mondon" deya murojaat qildi.

Uning yonida esa so'nggi yillardagi safdoshi, shu hafta prezidentdan bosh vazirga aylangan Dmitriy Medvedev turib, 14 ming askar va harbiy texnika ishtirokidagi paradni qabul qildi.

Putin to'planganlarga murojaat qilib, Ikkinchi jahon urushi saboqlarini hamisha yodda tutish kerak, dedi.

Uning aytishicha, har bir davlat xalqaro normalarga qattiq rioya etsagina, milliy suverenitetni hurmat qilsagina, o'tmish xatolar va urushlar takrorlanishining oldini olish mumkin.

"Rossiya xalqaro sahnada o'z pozitsiyasini himoya qilishga haqli, chunki natsistlarga qarshi urushning og'iri uning gardanida bo'ldi. Oxir-oqibatda dushmanni tor-mor etib, dunyo xalqlarini ozod etdik", - dedi Putin.

Dushanba kungi qasamyod marosimidan so'ng Putin imzolagan hujjatlardan biri AQSh-Rossiya munosabatlari haqida bo'ldi. Unda aytilishicha, aloqalar o'zaro hurmatga asoslangan bo'lib, davlatlar bir-birining ichki ishlariga aralashmasligi, o'zaro manfaatlarini hurmat qilishi kerak. Putin NATOni Yevropada o'rnatilishi rejalanayotgan raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi Rossiyaga tahdid emasligini kafolatlashga ham chaqirdi.

2009-yil boshida Barak Obama prezidentlikka kelganidan so'ng ikki davlat munosabatlari qayta ko'rib chiqildi, aloqalar ancha iliqlashdi.

Moskvadagi Karnegi jamg'armasi tahlilchisi Masha Lipmanning aytishicha, xususan, strategik qurollarni qisqartirishga doir bitim yangilandi, Rossiya Qo'shma Shtatlarga o'z hududi orqali Afg'onistondagi qo'shinlari uchun yuk o'tkazishga ruxsat berdi.

Putinning hokimiyatga qaytishi ikki tomonlama munosabatlarga katta ta'sir ko'rsatmaydi. Ayrim masalalarda hamkorlik bo'ladi, ammo konstruktiv sheriklikni kutmaslik kerak, deydi Lipman.

"Putin va rossiyaliklarning o'ylashicha, Amerika ularning davlatini zaiflashtirish niyatida, undan foydalanmoqchi, ziyon keltirmoqchi", - deydi tahlilchi.

Jurnalist Fyodor Lukyanovning aytishicha, Putin AQShga ishonmaydi va konservativ siyosat olib boradi.

"Putin nazarida dunyo xavfli, tartibsiz, nazoratsiz bir joydir. Har qanday harakatning oqibati yomon bo'lishi mumkin, shu sabab ogoh bo'lish kerak, deb o'ylaydi Putin", - deydi Lukyanov.

Norvegiyadagi Tinchlikni tadqiq qilish institutida izlanuvchi bo'lib ishlayotgan Pavel Bayev fikricha esa, Rossiya hukumati va muxolifati o'rtasidagi tortishuvlar Kremlning AQSh va G'arb davlatlari bilan ziddiyatlarini kuchaytirishi mumkin.

"Putin muxolifatga qarshi qattiq kurashadi va hatto uni G'arb va AQShning Kremlga qarshi loyihasi deb ko'rsatishga harakat qiladi", - deydi Bayev.

Kelasi hafta Merilend shtatida Katta Sakkizlikka a'zo davlatlar rahbarlari sammiti bo'lib o'tadi. Putin va prezident Obama ikki tomonlama aloqalar xususida fikr almashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG