Breaking News

"Ozodlik" Rossiyada efirlarini to'xtatmoqda


"Ozodlik" radiosining Pragadagi bosh idorasi
"Ozodlik" radiosining Pragadagi bosh idorasi
AQSh tomonidan moliyalanuvchi "Ozodlik" radiosi Rossiyada efirga chiqishni to’xtatib, ma’lumot berishning raqamli usullariga o’tishi haqida ma’lum qilmoqda.

Radio rahbari Stiven Korn ingliz tilida chiqadigan “The Moscow Times” gazetasiga intervyu berib, "Ozodlik" Rossiyada yangi huquqiy muhit, dunyo bo’ylab rivojlanishda davom etayotgan texnologiyalar sur’ati va ma’lumot tarqatishning yangicha usullariga moslashishga harakat qilmoqda, degan.

"Ozodlik" AQSh Xalqaro Teleradio Kengashining bir qismi. Bu organ "Amerika Ovozi" ni ham boshqaradi.

Kornning aytishicha, "Ozodlik" ning kelajagi raqamli texnologiya, internet va ijtimoiy sahifalarda bo’lib, maqsad bu vositalar orqali yosh va o’qimishli rossiyaliklar diqqatini jalb etish.

"Chunki jamiyatning aynan shu qatlami o’zgarishlarni va Rossiya kelajagini belgilaydi", - deydi prezident.

"Ozodlik" radiosi Rossiyada 10-noyabrdan kuchga kiradigan yangi qonunga bo’ysungan holda ham shunday yo’l tutishga majbur, deydi Korn.

Prezident Vladimir Putin tashabbusi bilan qabul qilingan qonunda qayd etilishicha, xorijiy ulushi 48 foizdan ortiq bo’lgan radiokompaniyalarning faoliyati man etiladi. 100 foiz AQShga tegishli bo’lgan "Ozodlik" radiosi salkam 60 yillik radio efirini to’xtatishga majbur.

Biroq bu qaror tanqidchilari nazarida radio prezident Putinni g’azabga solmaslik uchun efirlarini to’xtatmoqda. Qo’shma Shtatlar Rossiyaga doir demokratik dasturlarini tugatmoqda degani bu, deydi ular.

Kornning aytishicha, gap Rossiya hududida o’rta to’lqinlarda uzatilayotgan efir haqida ketmoqda.

"Mamlakat tashqarisidan turib qisqa to’lqinda radio orqali ma’lumot uzatishda davom etamiz", - deydi u.

Bundan tashqari, deydi prezident, raqamli formatga o’tish zamon talabi va kamroq xarajat talab qiladi.

“O’rta to’lqin davri o’tmishda qoldi”, - deydi Stiven Korn.

Shu munosabat bilan "Ozodlik" rus xizmati qisqarib, 41 xodimi ishidan ayrildi. Ammo, deydi Korn, byudjet qisqarmaydi. Sobiq xodimlar rahbariyatni Putinga xayrixohlikda ayblab, idorani qisqartirish qarori yuzasidan AQSh sudida da’vo ochmoqchi.

Tahlilchilar nazarida stansiyaning bu qarori Putinga Rossiyada axborot oqimini qattiqroq nazoratga olish imkonini beradi.

O’tgan oy AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ham Rossiyada faoliyatini to’xtatishga majbur bo’ldi. Kreml agentlikni muxolifatga grantlar ajratish orqali mamlakatdagi siyosiy jarayonlarga ta’sir qilayotganlikda aybladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG