Rossiya fazoda nimaga qodir?

  • Amerika Ovozi

"Fobos-Grunt" raketasi uchirilishidan oldin Boyqo'ng'ir kosmodromida. 2011-yil noyabr.

"Fobos-Grunt" raketasi uchirilishidan oldin Boyqo'ng'ir kosmodromida. 2011-yil noyabr.

Bugungi kunda Rossiya fazoga raketa uchirayotgan yagona mamlakatdir. Biroq so’nggi oylarda “Roskosmos” agentligining bir necha loyihasi mag’lubiyatga uchradi. Bu esa xalqaro maydonda o’ziga yarasha shubha va xavotirlarga sabab bo’lmoqda.

Noyabr yabr oyida Qozog’istondagi Boyqo’ng’ir kosmodromidan fazoga uchirilgan “Fobos-Grunt” (Phobos-Grunt) Rossiya uchun jiddiy loyiha edi. Biroq 163 million dollar sarflangan va Mars sayyorasi yo’ldoshi tomon uchib, u yerdagi tuproqni tadqiq etishi kutilgan raketa hatto yer orbitasini ham tark eta olmadi. O’tgan oy u Tinch okeaniga quladi.

Rossiyaning ayrim siyosatchilari hodisada AQShni aybladi.

Bosh vazir muovini Dmitriy Rogozin fikricha, Rossiya raketalari yerning boshqa tomoniga o’tgach Amerika ularni nishonga olgan bo’lishi mumkin.

Raketalar bo’yicha yetuk mutaxassis Sergey Pexterev esa bunday shubhalar no’orin, AQSh bunday qilmaydi, deydi.

"Raketani urib tushirish juda katta ish talab qiladi. Qo’shma Shtatlar “Fobos-Grunt”ni ishdan chiqarish uchun milliardlab dollar sarflarmidi? Buni tasavvur qilish qiyin. Men bunga ishonmayman”, - deydi u.

Moskvadagi “Novaya Yevraziya” jamg’armasi tahlilchisi Andrey Kortunov ham shunday fikrda:

“Agarda Qoshma Shtatlar Rossiya raketasini urib tushirmoqchi bo’lganida, strategik qurol ishlab chiqishga majbur bo’lardi. Bunday qurol esa yo’q. Bunday taxminlarni ilgari surayotganlar aqldan ozgan odamlar, xolos”.

"Fobos-Grunt"ning fazoga uchirilishi. Qozog'istonning Boyqo'ng'ir kosmodromi. 2011-yil 9-noyabr.

"Fobos-Grunt"ning fazoga uchirilishi. Qozog'istonning Boyqo'ng'ir kosmodromi. 2011-yil 9-noyabr.

Tekshiruvlar shuni ko’rsatganki, “Fobos-Grunt” qulashiga fazoviy jismlar sabab bo’lgan. “Roskosmos” agentligi rahbari Vladimir Popovkinning bildirishicha, ular raketaning kompyuter tizimini ishdan chiqargan.

Bundan bir necha oy oldin Xalqaro kosmos stansiyasiga chiqarilishi rejalangan yuk tashuvchi raketa ham yer orbitasini tark eta olmay Sibirga qulagan edi.

Pexterev fikricha, hukumat fazoviy tadqiqotlar uchun ko’proq mablag’ ajratishi kerak:

“Sovet davrida kosmik tadqiqotlar uchun katta mablag’ sarflangan. Bugungi kunda esa yuzlab olimlar ishlaydigan bunday qimmat inshootlarni ishlatish uchun pul yo’q”.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev ushbu sohaga alohida e’tibor qaratib, moliyani qayta ko’rib chiqmoqchi. 2011-yilda “Roskosmos” agentligiga 3 milliard dollar ajratilgan. Bu 2007-yildagi mablag’dan uch barobar ko’p.

“Roskosmos” Xalqaro kosmos stansiyasiga rejalangan safarni texnik sabablarga kechiktirgan.

“Novaya Yevraziya” jamg’armasi tahlilchisi Andrey Kortunov bunday holatlardan qat’iy nazar Rossiya buyuk fazoviy davlat deydi:

“Ayrim muammolarga qaramay, “Soyuz” inson yaratgan eng buyuk kashfiyot. AQSh fazoviy raketalari bilan solishtirsangiz, “Soyuz” ancha samarali bo’lib kelgan”.

Davlatlar bu borada hamkorlik qilishi kerak, deydi Kortunov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG