G'arb olimlari: Rossiyada putinokratiya avj olmoqda

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin 13 yildan beri hukumat tepasida

Vladimir Putin 13 yildan beri hukumat tepasida

O’zini global va zamonaviy jamiyat deb ko’rsatishga urinayotgan, dunyo sahnasidagi rolini kuchaytirishga harakat qilayotgan Rossiyada uncha tanilmagan qo’shiqchi qizlar Vladimir Putin hokimiyatga qaytmasin deb kuylagani uchun ikki yilga qamalgani sharmandalik, deydi G'arb ekspertlari.

Bu jinoyat cherkovda, diniy dargohda sodir etilgan va ibodatxona oyoq osti qilingan, deyiladi sud qarorida. “Exo Moskvi” radiosi o’tkazgan telefon so’rovlarida ko’plab rossiyaliklar bunday hukmni aql bovar qilmaydigan holat deb atagan.

Rossiyada repressiya kuchaymoqda, deydi Yevropa Ittifoqi rasmiylari. Roker qizlarning bir qo’shiq uchun sudlangani va jamiyatga xavfli deb topilgani, deydi blok bosh diplomati Ketrin Eshton, Rossiya hukumati biror tanqidga chiday olmasligini anglatadi. Har qanday qarshilik, har qanday muxolif harakat jinoyat deb talqin qilinishi, erkinlik bo’g’ilishi mumkin.

Britaniyaning nufuzli Chetem Xaus, siyosat va xalqaro aloqalar bo’yicha ilmiy markazida yetakchi mutaxassis Jeyms Niksi so’z va fikr erkinligi Rossiyada nimani anglatishini shunday tushuntiradi:

“Tanqid qilishingiz mumkin, lekin bu tanqid keng tus olsa va tanqid qilinayotgan shaxs davlat tepasidagi odam bo’lsa, unda jazolanasiz. Umumiy tanqidlarga o’rganib ketishgan, ammo siz shaxsan rahbarning o’zini, uning qudrati va faoliyatini savolga tutsangiz, kuningiz bitadi” .

Rossiya Putin rahbarligi ostida Sovet davriga xos siyosiy mentalitetga qaytdi, deydi Niksi.

“Putin kelganiga 13 yil bo’ldi. Bu vaqt mobaynida Rossiya siyosiy jihatdan taraqqiy etmadi hisob. Plyuralistik jamiyatga aylana olmadi. G’arb dunyosining bir qismi emas, qolib ketgan orqada. O’tmishga qaytishga urinayotgan davlatga o’xshaydi”, - deydi Niksi.

Aytish joiz, Putinning o’zi Rossiya Yevrosiyo yuragi bo’ladi, u g’arb va sharq orasidagi kuch, deb keladi. Biz G’arb dunyosining bir qismiga aylanishni xohlaymiz degan gaplarni na Putin va na boshqa rasmiylardan eshitasiz.

“Pussy Riot” deb nomlangan rok guruhi a’zolari cherkovda kuylaganining sababi pravoslav rahbariyatining xalq emas, Putin xizmatida ekanidan nolish bo’lgan.

Jarayonni yaqindan kuzatib kelayotgan Jeyms Niksi deydiki, Rossiyada hukumat tanqidchilarini qamash oddiy holga aylanib bo’lgan. Muxolifatchilar uchun so’z erkinligi yo’q, deydi olim. Og’ziga qaramasa, holi voy.

Huquq tashkilotlarining ogohlantirishicha, hukumat muxolifatni korrupsiya, poraxo’rlik, qoradori yoki yaqinda ma’qullangan qonun, chet eldan moliya olib, “agentlik” qilganlikda ayblashi mumkin.

Syuzan Larsen, Kembrij Universitetida Rossiya madaniyatidan dars beruvchi professor, Putin va pravoslav cherkovi orasidagi aloqa kun sayin kuchayib bormoqda, deydi.

“Putinokratiya deb atash mumkin bu tuzumni. Qonunlarni o’ziga moslash, nafaqat siyosiy doiralar, balki dindorlarni ham bo’ysundirish…”,- deya izohlaydi olima.

Din ahli orasida rokchi qizlarga aslida qattiqroq jazo berilishi kerak edi degan fikr keng tarqalgan. Ular cherkovga hurmatsizlik qilgan, deydi sud binosi oldida turgan ruhoniylar.

Parij, Belgrad, Berlin, Sofiya, London, Dublin va Barselona singari shaharlarda yuzlab yoshlar, xotin-qizlar, faollar ko’chaga chiqib, qo’shiqchilarga hamdardlik bildirdi, Kremlni qoraladi. Pol Makkartni va Madonna kabi yulduzlar “Pussy Riot” ozod etilsin deya chaqirdi.

G’arbda shunday munosabat, deydi Kembrij professori Syuzan Larsen, ammo Rossiyaning o’zida odamlar nima demoqda? Ular ham shu fikrdami?

Yo’q, albatta. Bu jamiyat qay tomon yo’nalishini ichki dinamika hal etadi, biz emas, deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG