Rus ayg’oqchilari Rossiyaga deportatsiya qilindi

  • Amerika Ovozi

AQShda rus josuslari deb qo’lga olinib, sudga tortilgan 10 kishi mamlakatdan deportatsiya qilindi. Kreml bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, ular bugun Yevropaga jo’nagan. Bu shaxslar Rossiya qamoqxonasida o’tirgan to’rt mahbusga ayirboshlandi.

Amerikada o’tgan oy qamoqqa olingan 10 kishi ustidan kecha sud o’tib, Qo’shma Shtatlarga boshqa qaytmaslik sharti bilan mamlakatdan badarg’a qilingan.

Guruhning yana bir a’zosi Kiprda qo’lga olingan edi, biroq tovon puli evaziga qo’yib yuborilgach, g’oyib bo’lgani ma’lum.

Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev mahbus almashinuvi doirasida AQShga ayg’oqchilik qilganlikda ayblangan to’rt kishini avf etgan. Ular bugun Vena aeroportida Qo’shma Shtatlarga topshirilgan.

Mahbuslardan biri Igor Sutyagin, yadroviy olim. AQSh va Britanyaga maxfiy ma’lumotlar uzatganlikda aybdor topilib, 1999 yilda qamoqqa olingan edi. U Rossiya Fanlar Akademiyasi qoshida, AQSh va Kanada fanlari institutida ishlagan.

Oq Uy rasmiysi Ram Emanuelning aytishicha, prezident Barak Obama josuslar almashinuvidan to’liq xabardor va operatsiyani tasdiqlagan.

AQShning g’arbiy shtatlarida soxta nomlar ostida istiqomat qilgan agentlarning to’qqiz nafari rus, biri amerikalik. Bu shaxslar kecha sudda aybini tan olgan. Advokatlarning aytishicha, ular AQSh yadro dasturi va siyosati haqida Rossiya razvedkasi uchun ma’lumot yig’gan.

Ayblanuvchi Anna Chapmanni himoya qilgan advokat Robert Baumning aytishicha, u qariyb olti oy Amerikada yashab, ko’chmas mulk savdosi bilan shug’ullangan. Chapman Rossiyaga biror maxfiy hujjat yetkazmagani va unga pul to’lanmagani da’vo qilinmoqda.

Uning yagona aybi rossiyalik xodimlar bilan kompuyter orqali aloqa o’rnatib turgani, deydi advokat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG