Breaking News

Suriya shimolida kassetali bombalar qo'llangani aytilmoqda


Kassetali bombalar
Kassetali bombalar

AQShning inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Human Rights Watch" tashkilotining bildirishicha, Suriya shimolida ilk bor Rossiyada ishlangan kassetali bombalar ishlatilgan.

Ularni kim qo'llayotgani ma'lum emas. Guruh Rossiya aviatsiyasining bu ishga aloqasi borligini taxmin qilmoqda.

"Na Rossiya na Suriya kassetali bombalarni ishlatishi mumkin. Har ikki davlat zudlik bilan buni taqiqlovchi xalqaro bitimni imzolashi zarur", - deydi tashkilotning Yaqin Sharq bo'limi direktorining o'rinbosari Nadim Huriy.

"Human Rights Watch" Kaf Halab qishlog'i yonida suratga tushirilgan tasvirlarni dalil sifatida keltirmoqda.

Kassetali bombaning ichiga bir nechta mina yoki kichikroq bomba solingan bo'lib, ular atrofga sochilib, keng maydon bo'ylab portlaydi, bu esa tinch aholi o'limiga ham sabab bo'lishi mumkin.

Bu o'rtada Rossiya Mudofaa vazirligi Hamo, Latakiya, Idlib va Raqqa viloyatlarida "Islomiy davlat" va boshqa jangari guruhlar pozitsiyalari 63 bor havodan nishonga olingani haqida ma'lum qilmoqda.

AQSh va Rossiya Mudofaa vazirliklari mutasaddilari teleko'prik orqali muloqot qilib, Suriyaning tirbandlashgan havo sarhadlarida xavfsiz harakatlanish, fojianing oldini olish yo'llari xususida gaplashgan.

Har ikki tomon muloqot samarali o'tganini ta'kidlamoqda.

AQSh Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotini tanqid qilmoqda. Vashingtonga ko'ra, Rossiya "Islomiy davlat" emas, balki Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarshi jang qilayotgan isyonchilarni ham nishonga olmoqda.

Xabarlarga qaraganda, AQSh Suriyada havo hujumlarini kamaytirib, Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi harakatlarni kuchaytirgan.

Bu o'rtada Iroq armiyasi Suriya bilan chegarada joylashgan Anbar viloyatida "Islomiy davlat" rahbari Abu Bakr Bag'dodiy ketayotgan avtokarvonni havodan nishonga olganini ma'lum qilmoqda. Bag'dodiy Karbaloda guruh qo'mondonlari bilan uchrashuvga ketayotgan bo'lgani aytiladi. Hujumda bir necha odam o'lgan va yaralangan, ammo Bag'dodiyning taqdiri hozircha ma'lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG