Rossiya suriyalik qochoqlarni qabul qilishdan bosh tortmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya Suriyada havo hujumlarini boshlashidan oldin ko'plab suriyalik qochoqlar boshpana istab Rossiyaga ketgan edi. Hukumat ularning faqat ikkisiga qochqinlik maqomini bergan. Qolgan minglab suriyaliklar, xususan, bolalar vaqtinchalik huquqiy maqom bilan yashamoqda. "Amerika Ovozi" Moskva yaqinida qochoqlar farzandlari uchun tashkil etilgan maktabga borib, u yerdagi ahvol bilan tanishdi.

Bu maktabdagi ko'plab bolalar Halabni Rossiyaning havo hujumlari boshlanishidan oldin tark etgan.

"Ular bu haqda gapirishni xohlashmaydi. Shu bois ularning bu mojaro haqida qanday fikrlashini bilmayman. Bolalarni bu yerda baxtli demagan bo'lardim. Ko'plab qarindoshlari Halabda qolgan. Ular izsiz yo'qolmoqda yoki noma'lum joylarga ketishyapti", - deydi ko'ngilli yordamchilardan biri.

Rossiya hukumati bu oilalarga qochqinlik maqomini berishni istamayapti.

"Halabni bombalashda davom etyapmiz va qochoqlarning aksariyati shu shahardan kelishiga qaramay, ayollar va bolalarga boshpana berilmayapti", - deydi faol.

Aksariyatining hujjati yo'q, noqonuniy ishlab yurganlar ko'p.

Hukumatdan qo'rqib, rus maktablari ularning farzandlarini qabul qilmaydi.

Rossiyada uzoq yillar yashab, bu mamlakat fuqaroligini olgan suriyaliklarning ahvoli ham yaxshi emas.

"Odamlarning o'zi boriga shukur qilib yurishibdi, shikoyat qilishmaydi. Lekin rasmiylarning munosabati salbiy. Bu yerda suriyalik bo'lish qiyin hozir", - deydi asli suriyalik tarjimon yigit.

Riyod Halabdan Rossiyaga 1989-yilda kelgan, hozir Rossiya fuqarosi. Ammo urush boshlanganidan so'ng uning oilasiga, xususan, rafiqasiga yashash uchun faqat vaqtinchalik ruxsatnoma berildi.

"Rasmiylar bu hujjatni uzaytirishni rad etdi, ortga qaytishimizni so'rashadi. Urush bo'layotgani uchun vatanga qaytolmaymiz", - deydi u.

Riyodning aytishicha, uning Halabdagi uyi vayron bo'lgan, o'sha xurujda bir o'g'li halok bo'lgan. Qolgan ikki o'g'li minglab qochoqlarga qo'shilib, Turkiya orqali Germaniyaga borgan. Rossiya fuqarosi bo'lishiga qaramay, Riyod oilasini yoniga olib kela olmadi.

"Bu yerda bo'lish bizga yoqmaydi, chunki vatanimiz emas. O'zimiz tug'ilib o'sgan joyda yashashni xohlaymiz. Lekin urush tugaguncha yashab turishimizga ruxsat bering, urush tugashi bilan qaytamiz", - deydi u.

Bu orada bolalar maktab tashqarisida o'yin bilan band. Ammo tez orada ularning maktabi boshqa joyga ko'chishi mumkin. Chunki bu yerda isitish tizimi yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG