Pentagon Rossiya bayonotini shubha ostiga olmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Hims viloyati Talbisa shahrida Rossiya bergan havo zarbalaridan so'ng quyuq tutun ko'tarilmoqda, 30-sentabr, 2015-yil.

Suriyaning Hims viloyati Talbisa shahrida Rossiya bergan havo zarbalaridan so'ng quyuq tutun ko'tarilmoqda, 30-sentabr, 2015-yil.

Rossiya Suriyada havo hujumlarini amalga oshirishni boshladi. Kecha Hims va Hamo viloyatlarida qator manzillar nishonga olingan. Amaliyot bugun ham davom etgan. Kremlga ko'ra, maqsad "Islomiy davlat" jangarilarini yo'q qilish. Ammo Qo'shma Shtatlar va xalqaro tashkilotlar buni shubha ostiga olmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi chiqargan videoda "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi zarbalar berilayotgani aks etadi.

Ammo huquq faollarining aytishicha, "Islomiy davlat" emas, balki mo'tadil Suriya muxolifati nazoratidagi Hims va Hamo shaharlariga hujumlarda kamida 30 fuqaro, tinch aholi vakillari o'lgan.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter ham Kreml da'vosini savol ostiga oldi.

"Rossiyaning bu harakati yaxshi rejalanmagan va salbiy oqibatlarga olib keladi", - deydi u.

Rossiyaga ko'ra esa IShID qurollari, qo'mondonlik punktlari va transporti nishonga olingan.

"Rossiya Mudofaa vazirligi hammasini bayon qildi. Pentagon gaplariga quloq solmang", - dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

AQSh va Rossiya kelisha olmayotgani aniq.

Pentagon rahbarining qayd etishicha, Rossiya generali AQShning Bag'doddagi elchixonasiga kirib, Suriyada hujumlar boshlanishi haqida ogohlantirgan va Amerikadan Suriya havo sarhadlariga kirmaslikni so'ragan.

"Rossiya harbiylaridan bunday noprofessionallikni kutmagan edik", - deydi Mudofaa vaziri Karter.

Respublikachilar esa bundan ajablanmayapti. Ular bunda Prezident Obamani ayblamoqda.

"Oq uy do'stlarimiz kim ekanini adashtirib, dushmanlarimizni rag'batlantiryapti va bir ish qilmay jim o'tirib, xavfli yo'l tutyapti. Obama ma'muriyatining Yaqin Sharqdagi noqobil siyosati ustiga Vladimir Putin chiqib keldi", - dedi senator Jon Makkeyn.

Tahlilchilar fikricha, Turkiya va Saudiya Arabistoni kabi hamkor davlatlar, "Islomiy davlat" ga qarshi xalqaro koalitsiya a'zolari, Prezident Bashar al-Assad hokimiyatiga qarshi mustaqil choralar ko'rishi mumkin.

"Bu davlatlar Suriyada o'z tarafdorlariga ega va ular yordamida Rossiya harakatlariga qarshi choralarni kuchaytirsa ajabma", - deydi Urush tadqiqotlari institutidan Kris Kozak.

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya, o'z navbatida, Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG