Rossiya Suriya mojarosida xolis hakam bo'la oladimi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvada Suriya muxolifati yetakchilari bilan uchrashmoqda, 11-iyul, 2012-yil.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvada Suriya muxolifati yetakchilari bilan uchrashmoqda, 11-iyul, 2012-yil.

Rossiya Suriyaning yaqin ittifoqchilaridan bo’lsa-da, bu mamlakatdagi mojaro yuzasidan betaraf bo’lishga harakat qildi. Endi esa mintaqaga harbiy kemalarini yuborib, prezident Bashar al-Assad hukumatiga yordam bermoqchi. Boshqa bir sabab, vaziyat og’irlashsa, Rossiya hududdagi Tartus harbiy-dengiz bazasini himoya qilmoqchi.

Rossiya O’rta Yer dengizida kichik bazaga ega. Kecha Severomorsk portidan bir esminets va samolyotlar qo’nishiga moslangan uch kema, Sevastopoldan yana bir esminets Tartusga yo’l oldi. Xabarlarga ko’ra, Baltika flotining bir necha kemasi ham ularga qo’shilishi kutilmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, G’arb yolg’on-yashiqlar bilan Yaqin Sharqda siyosiy ta’sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda.

“Insonparvarlik operatsiyalari niqobi ostida bombalar yog’dirib demokratiya o’rnatishmoqda; ichki mojarolarga aralashib, ta’sirini oshirishmoqda”, - deydi Putin.

Suriya muxolifati Moskvaga borib, Kremldan Assad rejimiga yordam berishni to’xtatishni so’ragan.

Suriya milliy kengashi kabi yirik muxolif guruhi boshqaruvi a’zosi Basma Kodmaniyning aytishicha, Rossiya uning davlatiga demokratik tizimga o’tishda yordam berishi kerak.

Kreml ham, muxolifat ham Suriyada vaziyat izdan chiqib, tartibsizlik va beqarorlik bo’lishini, hokimiyat radikal diniy kuchlarga o’tishini istamaydi. Bu tomondan ularning til topishishi osonroq bo’lishi mumkin. SSSR paytida minglab suriyaliklar Sovet shaharlarida o’qib, ishlagan, mahalliy aholi vakillariga uylanib, oila qurgan.

Muxolifat a’zosi Munzer Maxos Moskvada muxbirlar bilan uchrashuvi chog’ida rus tilida so’zladi.

"Rossiyani do’st, tarixiy ittifoqchi deb bilamiz. SSSR, hozir esa Rossiya bizga ko’p yordam bergan. Do’stligimizni unutmadik, Rossiyani Suriya masalasida chetga chiqarish niyatimiz yo’q", - deydi Maxos.

Bugun muxolifat vakillari Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ko’rishgan. Ular prezident Assad va uning oilasiga Rossiyadan boshpana berilishiga qarshi.

Assadning qo’li qonga belangan, Suriya xalqining qoniga, deydi ulardan biri Mahmud al-Hamza.

Rossiya diplomatlariga ko’ra, Assad boshpana so’ragani ham yo’q. U hokimiyat tepasida qolsa, qolmasa, ikki davlat munosabatlari o’zgarmaydi, deydi ba’zilar.

Dushanba kuni Suriyaning yana bir muxolif guruhi, Demokratik forum vakillari Lavrov bilan muzokara qilib, Rossiyani jarayonda faolroq bo’lishga chaqirgan. Ulardan birining aytishicha, agar vaqt boy berilsa, Suriyada hokimiyatga islomiy kuchlar kelishi mumkin.

Lavrov bugungi uchrashuvda Rossiya pozitsiyasini yana bir bor bildirib o’tgan. Ya’ni Suriya hukumati va muxolifati barcha zo’ravonliklarni bas qilib, muloqot boshlashi lozim.

Bugun, shuningdek, Rossiya diplomatlari Xavfsizlik Kengashiga rezolyutsiya loyihasini taqdim etib, xalqaro kuzatuvchilar mandatini yana uch oyga cho’zishni taklif etgan. Kengash 20-iyulgacha bu masalani hal qilishi kutilmoqda.

BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Kofi Annan shu hafta Suriya, Iroq va Eron rahbarlari bilan uchrashgan. Bugun esa Xavfsizlik Kengashida hisobot beradi.

Ayrim tahlilchilar nazarida Kreml muxolifat a’zolari bilan uchrashgani bilan aslida Assad tomonida. Hududga otlanayotgan harbiy kemalar bundan dalolat beradi, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG