Lavrov: Suriyada kim isyonchi, kim terrorchi ekanini aniqlab olaylik

  • Amerika Ovozi

Lavrov Moskvada BMTning Suriya masalalari bo'yicha mas'ul vakili Staffan de Mistura bilan ko'rishgan.

Lavrov Moskvada BMTning Suriya masalalari bo'yicha mas'ul vakili Staffan de Mistura bilan ko'rishgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriyada jang qilayotgan isyonchi guruhlarning qaysilari bo'lg'usi muzokarada qatnashadi, qaysilari terrorchilar ro'yxatiga qo'shiladi - bularni hozirdan aniqlab olish kerak, demoqda.

Lavrov Moskvada BMTning Suriya masalalari bo'yicha mas'ul vakili Staffan de Mistura bilan ko'rishgan. Ular 2011-yildan beri Suriyada 240 mingdan oshiq odamni hayotdan olib ketgan urushni tugatish yo'llarini muhokama qilgan.

Rossiya rahbari Vladimir Putin bugun, chorshanba ertalab Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bilan telefonlashib, Suriya haqida fikr almashgan. Ikkisi siyosiy dialog zaruratini tan olmoqda.

De Mistura va Lavrov o'tgan haftada Venada o'tgan xalqaro muzokaralarda ham qatnashgan edi. Amerika, Eron, Saudiya Arabistoni va Turkiya ham ishtirok etgan bu yig'inda Suriyada yangi hukumat va yangi konstitutsiya zarurati haqida so'z bordi. Taraflar mamlakatda BMT shafeligida yangi saylovlar o'tkazish rejasini muhokama qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Prezident Bashar al-Assad tadqirini Suriya xalqi hal qilishi kerak. Assad qolish-qolmasligi Rossiyaga bog'liq emas, deydi vazirlik mulozimlari. Rossiya nazarida G'arb hozira Suriyada hukumat o'zgarishiga urg'u berib, aksincha ahvolni yanada og'irlashtirmoqda. Shundoq ham millionlab fuqarolar mamlakatni tashlab qochdi, odamlar qirilmoqda.

Rossiya Suriya rahbariyatiga harbiy yordamni oshirib, o'zi ham mamlakatdagi jangovar amaliyotlarga qo'shildi. Rus diplomatlari va harbiylarining ta'kidlashicha, maqsad "Islomiy davlat" nomli jangari to'dani bombardimon qilish. Lekin Amerika va ittifoqchilarning aytishicha, Rossiya ko'p hollarda Suriyada muxolif kuchlarga o'q yog'dirayapti.

Amerika boshliq koalitsiya ham Suriyada "Islomiy davlat" guruhiga qarshi havo hujumlarini amalga oshirib keladi. Prezident Barak Obama o'tgan hafta mamlakatga 50 nafar maxsus tayyorgarlikdan o'tgan harbiyni jo'natishga qaror qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG