Rossiya Suriya tinchlik sulhi amaliyotini o'z nazoratiga oladimi?

  • Amerika Ovozi

Kobani, Suriya

Kobani, Suriya

Rossiya Suriya tinchlik sulhi ijrosini ta’minlash bo’yicha bir o’zi choralar ko’rishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Sulh shartlarini buzayotganlarni kuzatish bo’yicha AQSh sust harakat qilayotgani haqida shikoyatlar tushishi oqibatida Moskva shunday qarorga kelgan. Har ikki davlat Suriyadagi otishmalarni to’xtatib, vaqtincha sulh tuzilishida muhim vositachi vazifasini bajargan edi.

Suriyadagi muxolif tomonlar o’rtasida davom etayotgan tinchlik muloqotini boshqarayotgan BMT rasmiysi Staffan de Misturaning aytishicha, bu masalada AQSh-Rossiya hamkorligining susayishi xavotirga molik.

“Ular jiddiy gaplashishni to’xtatgan zahoti biz yana eski holatga qaytamiz. Bizga bu kerak emas. Buni o’zlari ham bilishadi”, - dedi BMT rasmiysi.

Rasmiyga ko’ra, agar Suriyada siyosiy o’tish jarayonida olg’a siljish kuzatilmasa, to’qnashuvlar yana boshlanib ketishi mumkin.

BMT tashabbusi bilan olib borilayotgan reja bo’yicha, Suriya uchun yangi konstitutsiya qabul qilinishi va saylovlar o’tkazilishi kerak. Amaldagi Prezident Bashar Assad taqdiri muloqotdagi eng chigal masala bo’lib turibdi. Rejim tarafdorlari tinchlikka erishish uchun uning hokimiyatdan ketishi shart emasligini aytsa, muxolifat Assadning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qilmoqda.

Suriya delegatsiyasi rahbari Bashar al-Ja’fariy bu borada hukumat mavqeini yana bir bor takrorlab, tomonlardan Assad kelajagini muzokaralarga bog’lamaslikni so’radi.

Jenevada bu hafta tinchlik muloqoti davom etadi. De Mistura barcha tomonlar bilan alohida uchrashib, tinchlik sulhini uzaytirish va doimiy yechim topish yo’llarini muhokama qiladi.

Muzokaralarning navbatdagi bosqichi aprelda boshlanishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG