"Islomiy davlat" Rossiya uchun qanchalik tahdid?

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" ekstremistlar to'dasi o'tgan hafta Rossiyada politsiyaga hujum uyushtirganini da'vo qilmoqda. Poytaxt Moskva ham terrorchi guruh nishoniga aylanishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Moskva oblastida qurol va boltalarni ko'targan ikki erkak tekshiruv punktida politsiyachilarga hujum qilgan, har ikkisi otib o'ldirilgan.

Rossiya bir yildan buyon Suriyani bombardimon qilayotgani uchun undan o'ch oldik, deya e'lon qildi "lslomiy davlat"ning Amaq axborot agentligi.

"Rossiya Suriyadagi urushga tobora chuqurroq kirib borayotgani, Bashar Assad rejimini faol qo'llab-quvvatlayotgani, u yerdagi eronlik harbiylarga ham yordam berayotgani uchun ekstremistlar nishoniga aylanmoqda", - deydi harbiy tahlilchi Pavel Felgengauer.

Politsiyachilarga hujum qilgan ikki yosh yigit Chechenistondan - Usmon Mardalov va Sulim Isroilov. Internetga qo'yilgan videoda ular "Islomiy davlat"ga bay'at keltirgan.

"ITAR-TASS" xabariga ko'ra, ayni damda ularning ekstremistlarga aloqadorligi tekshirilyapti. Yigitlar politsiyachilar qurolini tortib olmoqchi bo'lgan yoki hujumga qandaydir nizo sabab bo'lgan, deyiladi xabarda.

Moskvaga yaqinlashmoqdami?

Pavel Felgengauer fikricha, organlar voqeani ataylab ahamiyatsiz qilib ko'rsatishyapti.

"Islomiy davlat" viloyatlarda emas, Shimoliy Kavkazda emas, aynan Moskvada yirik terror hujumlari rejalayapti. Poytaxtda ro'y bersa, katta shov-shuv bo'ladi, ularning maqsadi ham shu", - deydi u.

O'tgan yili Misrda qulagan Rossiyaga qarashli yo'lovchi samolyot halokatini, shuningdek, Dog'istonda bu yili ro'y bergan ikki portlashni ham "Islomiy davlat" o'z bo'yniga olgan. Ammo Moskva tevaragida bunday xuruj ilk bor ro'y berishi.

"Ikki yigitning hujumi ahamiyatsiz, lekin "Islomiy davlat" Rossiyadagi norozi musulmonlar ichiga kirib borayotgani xavfli alomat", - deydi siyosatshunos Mark Galeotti. U guruh tarafdorlari ko'payishini virusga qiyoslaydi.

Ekstremistlar safidagi rus jangchilar

Bilamizki, islomiy ekstremist to'dalarga qo'shilish uchun Rossiyadan yuzlab odam Suriyaga jo'nab ketgan. Radikal qarashdagi fuqarolarning xorijiy o'lkalarga ketishiga hukumatning o'zi yordam berayapti, degan xabarlarda ham jon bor, deydi Felgengauer.

"Masalan, Shimoliy Kavkazda terror hujumlari soni sezilarli darajada kamaygan, chunki jihodchilar Suriyaga ketdi. Aksariyati o'sha yerda halok bo'ldi', - deydi tahlilchi.

"Islomiy davlat" targ'ib qiladigan ekstremistik falsafa Shimoliy Kavkazdan tashqarida, Rossiyaning boshqa qismlarida quvvatlovga ega emas. Xavfsizlik apparati kuchli. Ekstremizm jiddiy tahdid emas", - deya qo'shadi Mark Galeotti.

Biroq rus jangarilari zo'ravon mafkurani vataniga olib keladi, degan xavotirlar yo'q emas.

"Shuning uchun Kremlga qolsa, bu odamlar Suriyada qolib ketgani, jang maydonida o'lgani ma'qul", - deya sharhlaydi Galeotti.

Rossiya Suriyadagi harbiy operatsiyalar "Islomiy davlat" va boshqa terrorchilarga qaratilganini ta'kidlasa-da, aslida Assad rejimiga qarshi bo'lgan barcha guruhlarni nishonga olayotgani ma'lum.

Suhbatdoshga ko'ra, Rossiya xavfsizlik organlari "Islomiy davlat" tahdidini potensial xavf deb biladi.

"Jihodchilar ilgari al-Qoidadan ilhomlangan bo'lsa, endi uning o'rniga "Islomiy davlat" keldi. Guruh Tataristonda, Rossiyadagi markaziy osiyolik ishchi migrantlar orasidan o'ziga tarafdor orttirishi mumkin", - deydi Galeotti.

Rossiya xavfsizlik kuchlari "Islomiy davlat" hujumlarini bartaraf etishga qanchalik tayyor degan savolga, Pavel Felgengauer "agar mamlakatda yirik terror xurujlari ro'y bermasa, demak organlar o'z ishini yaxshi bajaryapti", deya javob beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG