Rossiya raketa sinovi Qozog'iston ahli va qo'shnilarni vahimaga soldi


"Topol-M" ballistik raketalari paradda, Moskva.

"Topol-M" ballistik raketalari paradda, Moskva.

20-may kuni kechqurun Astraxan viloyatidan uchirilgan raketa Qozog’istonning bir necha shaharlarida, hatto Toshkent osmonida ham ko'ringan.

Rossiya “Topol” rusumidagi qit’alararo raketasini Qozog’iston poligonida sinab ko’rgani jamoatchilik orasida turli munozaralarga sabab bo’lmoqda. 20-may kuni kechqurun Astraxan viloyatidan uchirilgan raketa Qozog’istonning bir necha shaharlarida, hatto Toshkent osmonida ham ko'ringan. Ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarda ayrimlar bu vahimali sinovni mintaqa uchun tahdid deb baholashadi.
Toshkent osmonida "Topol” sinovidan tarqagan yorug’lik deya gumon qilingan suratni odamlar internetga joyladi. Ularda bu ko’proq hayrat uyg’otgan bo’lsa, Qozog’istonning bir nechta shahrida yanada aniqroq ko’ringan raketa sinovi jamoatchlikda g’azab uyg’otgan.

20-may kuni Rossiyaning “Kapustin Yar” poligonidan otilgan raketa Qozog’istonning “Sari-Shagan” poligonidagi nishonni urgan. Rossiya Mudofaa vazirligi qit’alararo “Topol” raketasi sinovi muvaffaqiyatli o’tdi degan.

“Topol” Qozog’istondagi bir nechta yirik shaharlar ustidan uchib o’tgan. Omma raketa aholi punktlari ustidan o’tganidan g’azabda, deya yoritmoqda qozoq matbuoti.

Gazeta va ijtimoiy tarmoqdalarda, xususan shunday sharhlarni ko'rasiz:

“Men bu sinovdan qattiq g’azabdaman, nega bizni ogohlantirishmaydi?”

“Agar raketa nishondan sal adashganda Qozog’iston bitta shaharidan ajrab qolishi mumkin edi”.

"Qozog’iston fuqarosi sifatida biror davlatning raketasi bizning hududimizda sinab ko’rilishiga keskin qarshiman, o’zlarida xohlagacha portlataverishsin, bu masalani davlatlararo muzokarada hal etishi kerak”.

“Baxtliman, bugun raketa hujumidan omon qoldim”.


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videolar bu sinovni suratga olayotganlar ham biroz vahimaga tushganidan darak beradi.

Toshkentdagi guvohlarda avvaliga bu hodisa ko’proq tushunmovchilik uyg’otgan. Ayrimlar raketa sinovidan ko’ringan yorug’likni uchar likobchalarga ham o’xshatgan.

Daryo.uz Toshkent osmonida g’alati yorug’likni kuzatganlar keyinchalik buning raketa sinovi ekanidan xabar topganini yozadi.

Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarda bu sinov "NATOning Toshkentdagi yangi idorasiga salom" degan mulohazalarni ham o’qish mumkin.

Qozog’istonlik jurnalist Aydos Sadikov fikricha, Qozog’iston hukumati jamoatchilik norozi ekanidan xabardor, ammo Rossiyaga biror talab qo’yishga ojiz. "Topol-M" samoga ko'tarilmoqda

"Topol-M" samoga ko'tarilmoqda



"Qozog’istonda bunday sinov o’tkazilishi hamisha jamoatchilikda kuchli norozilik uyg’otib kelgan. Ammo Qozog’iston hukumati bu narsaga beparvo. Sababi prezident Nursulton Nazarboyev tashqi siyosatda ham, ichki siyosatda Rossiya prezidentiga qaram. Jangovar raketa sinab ko’rilgan hozirgi holat ham bundan mustasno emas. Rossiya hududi juda katta, ammo shunga qaramasdan raketa sinovlarini Qozog’istonda o’tkazishni ma’qul ko’radi, chunki sinov davomida biror favqulodda halokat sodir bo’lgan taqdirda, o’z aholisi oldida hisobot berishni istamaydi. Qozog’istonda esa bu narsa mumkin, biron falokat bo’lgan taqdirda ham Qozog’iston tomoni janjal ko’tarmasligiga ishonadi. Rossiya hukumatining Qozog’iston hududiga nisbatan bunday shafqatsiz munosabati hukumatimizning loqaydligiga bog’liq”, - deydi sharhlovchi.

Qozog’iston Mudofaa vazirligining matbuotda bergan sharhiga ko’ra, “Topol” jangovar raketa sinovi Rossiya va Qozog’iston o’rtasidagi harbiy hamkorlik kelishuviga muvofiq o’tkazilgan.

Ukraina davom etayotgan mashmasha Markaziy Osiyoni ancha sergaklantirgan. Ayrim davlatlar Moskvadan uzoqlashishga urinsa, boshqalar, jumladan Qozog'iston o’ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Aloqani sovuqlashtirish davlatga qimmatga tushishi mumkin, deydi sharhlovchilar.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG