Breaking News

Rossiyaga tobe Turkiya yangi gaz ta'minotchilarini izlayapti


Rossiya va Turkiya energetik sohada yaqin hamkor bo'lishiga qaramasdan aloqalar kundan kunga sovuqlashib bormoqda. Anqara Moskvani o'tgan hafta havo sarhadini yana buzganlikda aybladi. Turkiya Rossiya gazining eng yirik xaridorlaridan, ammo endi bu mahsulotni boshqa mamlakatlardan olmoqchi.

O'tgan yilning noyabrida Turkiya Rossiya samolyotini urib tushirganidan so'ng Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'li birinchi bo'lib Ozarbayjonga bordi. Anqara tabiiy gazning yarmidan ko'pini Rossiyadan xarid qiladi va hozir yangi ta'minotchilarni izlamoqda.

Do'st va qardosh Ozarbayjon davlati tanlangani tabiiy, deydi sharhlovchi Sinan Ulgen.

"Ozarbayjon, zarurat tug'ilsa, gaz bilan ta'minlay oladi, albatta. Lekin Boku ham bu masalada ehtiyotkor, chunki Moskva bilan ziddiyatga borishni istamaydi. Rossiya Tog'li Qorabog' mojarosiga ta'sir etish salohiyatiga ega", - deydi Ulgen.

Armanlar yashovchi Tog'li Qorabog' Ozarbayjonning bir qismi. 1990-yillarda mustaqillik talab qilib, Armanistonga qo'shilmoqchi bo'lganida orada urush kelib chiqqan. Shundan buyon ikki davlat bu hudud ustida tortishadi.

Bir qarashda, Anqara uchun energetika bobida Markaziy Osiyo respublikalari ham tabiiy hamkorlar. Biroq siyosatshunos Semih Idiz fikricha, Turkiya bu davlatlarga tayana olmaydi.

"Kreml-Anqara aloqalarining darz ketishi Markaziy Osiyo va Ozarbayjonni noqulay ahvolga solib qo'ygan. Bu respublikalar siyosiy-iqtisodiy jihatdan Rossiyaga tayanadi va u boshchilik qiladigan mintaqaviy xavfsizlik tashkilotlariga a'zo", - deya izohlaydi Idiz.

Bu nozik masala, shuning uchun Markaziy Osiyo rahbarlari Rossiya samolyotining urib tushirilishi borasida ortiqcha fikr bildirmaydi, deydi u.

Ammo Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev o'tgan yil dekabrda Moskvaga tashrifi chog'ida Turkiyani uzr so'rashga da'vat etgan.

"Rossiya samolyoti Turkiya havo hududiga 17 sekundga uchib kirgan bo'lsa, unga raketa otib, 25 yillik munosabatlarni barbod qilishga hojat yo'q edi. Bu noto'g'ri qaror bo'lgan", - degan edi Atambayev.

Turkiya prezidenti so'zlovchisi Ibrohim Qalin Qirg'iziston rahbarining bu bayonoti yuzasidan afsus bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG