Rusiyzabon muhojirlar Turkiya-Rossiya hamkorligi kuchayishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Istanbulda Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlariga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, 3-oktabr, 2015-yil.

Istanbulda Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlariga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, 3-oktabr, 2015-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an va Rossiya rahbari Vladimir Putin o’rtasidagi uchrashuv yaqinlashar ekan, Turkiyadagi bir guruh qochoqlar orasida bezovtalik yuqori. Rossiyadan kelgan bu musulmon muhojirlar Kreml bilan aloqalarning yaxshilanishi ular hayotiga xavf solishi mumkinligidan xavotirda.

Ular diniy e’tiqodlari bois tazyiqqa uchrab vatanini tark etgan muhojirlar. Rusiyzabon musulmonlar Turkiyani islomiy hayot kechirish uchun eng maqbul joylardan biri deb hisoblaydi.

Turkiya dunyoviy mamlakat bo’lsa-da, rossiyalik minglab musulmonlar bu o’lkadan panoh topgan. Ularning aksariyati Kreml tomonidan ekstremizm va terrorizmda ayblangan.

Istanbuldagi Otaturk aeroportida yuz bergan xuruj ortida asli chechenistonlik “Islomiy davlat” jangarisi turgani aytilgach, xavotirlar yanada kuchaydi.

Bu xurujga aloqadorlikda ayblangan ikki rossiyalik AQSh tomonidan ham global terrorchilar ro’yxatiga qo’shildi. Ulardan biri Ayrat Vahidov Guantanamoning sobiq mahbusi bo’lgan. U Istanbuldagi portlash ketidan Turkiyada hisbga olingan.

Xalqaro inqiroz guruhi tahlilchisi Yekaterina Sokirianskayaning aytishicha, Istanbul xuruji ortidan hibsga olingan o’nlab odamlar orasida rossiyaliklar ham bor. Ularning kamida 50 nafari “Islomiy davlat”ga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

Lekin Rossiyadan qochib kelgan aksariyat musulmonlarning terrorchilarga aloqadorligi haqidagi Kreml da’volari asossiz, deydi u.

“Rossiyaliklar o’lchovi bilan ular radikal bo’lishi mumkin, lekin haqiqatda ularning aksariyati tazyiqdan qochib kelgan odamlar. Rossiyada barcha salafiy musulmonlarga shunday munosabat bor”, - deydi tahlilchi.

Xalqaro inqiroz guruhi ma’lumotiga ko’ra, Turkiyada 15 ming atrofida rusiyzabon musulmon bor. Ular, asosan, Istanbul atrofida yashaydi.

Ular o’tgan oy ro’y bergan harbiy to’ntarishga urinish ortidan ko’chalarga chiqib, Prezident Rajab Toyib Erdog’an tarafdorlari saflarini to’ldirdi. Ular isyonchilar hokimiyati Erdog’an yaratib bergan himoyani bekor qilishi mumkinligidan qo’rqishadi.

Ammo ular Turkiya-Rossiya aloqalari yaxshilanishidan ham xavotirda. Xavfsizlik bo’yicha yaqin hamkorlik Turkiyadagi rossiyalik qochoqlar uchun yaxshi xabar emas, deydi Rusiyzabon muhojirlar assotsiatsiyasi matbuot kotibi Salman Sever.

Rossiya xavfsizlik xizmatlari allqachon Turkiyadagi bir qator sobiq chechen jangarilarini o’ldirgani haqida ma’lumotlar bor. Moskva, shuningdek, Turkiyaga shubha ostidagi terrorchilar haqida axborot berib turadi. Bu esa ko’plab qochoqlarning hibsga olinishi va ehtimoliy deportatsiyaga yo’liqishi xavfini oshiradi, deydi faollar. Shu paytgacha hali hech kim Rossiya talabi bilan ekstraditsiya qilinmagan, ammo bu narsa endi o’zgarishi mumkin.

Otaturk aeroportida yuz bergan xuruj ortidan hibsga olishlar kuchaygach, Salman Sever o’z hayotidan xavfsirab, Turkiyani tark etdi. U “Islomiy davlat” jangari guruhiga keskin qarshi ekanini aytadi.

“IShID Islomning eng yomon dushmani ekanini tushunishda yakdilmiz. Ular e’lon qilgan xalifalik esa nomiga xolos”, - deydi Sever.

Sever mansub tashkilot bir qator saytlar va ijtimoiy media loyihalarini boshqaradi. “Islom ovozi” nomli vebsayt hamda Facebook guruhi Turkiyadagi rusiyzabon musulmonlar uchun huquqiy maslahat va ma’lumotlar berib boradi.

Tashkilotda bir qator taniqli va ta’sirchan ulamolar bor, ammo ular Turkiyadagi Rossiyadan kelgan barcha musulmonlarni jipslashtirishi qiyin, deydi Sokirianskaya. Chunki, deydi u, musulmonlar turli etnik va diniy toifalarga mansub.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG