Breaking News

Putin va Erdog'an Suriya masalasida kelisha olmadi


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an (o'ngda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Istanbulda matbuot anjumani paytida, 3-dekabr, 2012-yil.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an (o'ngda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Istanbulda matbuot anjumani paytida, 3-dekabr, 2012-yil.
Rossiya va Turkiya rahbarlari Istanbulda Suriyadagi vaziyatni muhokama qilib, tomonlar o’z fikrida qolgan. Mehmon prezident Vladimir Putin Suriya rahbari Bashar al-Assaddan yuz o’girmasligini, Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an esa Assad bilan ish qilmasligini bildirgan.

Turkiyaliklar Putinni sovuqlik bilan kutib oldi. Istanbuldagi Rossiya konsulligi qarshisida namoyishchilar unga qarshi shiorlar bilan chiqdi. Putin va Erdog’an mojaroga yechim xususida fikr almashdi, biroq bir to’xtamga kelisha olmadi.

Putinning aytishicha, davlatlar Suriyada tinchlik o’rnatilishi tarafdori, ammo bunga erishishning yo’llariga kelganda o’zgacha fikrda.

Ikki rahbar Turkiyaning Suriya chegarasida NATOning havo mudofaasi uchun ishlatiladigan “Patriot” raketalarini o’rnatish rejasi borasida ham gaplashdi. Eron va Rossiya tizimni mintaqa barqarorligiga tahdid deb biladi, ammo suriyalik isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotgan Turkiya Suriyada mojaro kuchayib, vaziyat izdan chiqgudek bo’lsa, prezident Bashar al-Assad unga qarshi kimyoviy qurol qo’llashi ehtimolidan xavotirda va shu sababdan NATOdan yordam so’ragan.

Putinning Erdog’an bilan uchrashuvdan so’ng o’tkazilgan matbuot anjumanida aytishicha, NATO raketalarining Turkiya-Suriya chegarasida o’rnatilishi mintaqada qo’shimcha ziddiyatlarga olib kelishi mumkin.

"Qurol bor joyda o’q ovozi ham eshitilishi shart. Chegarada ortiqcha otishmaga hojat yo’q", - dedi Putin.

Bugun Bryusselda NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlis qilib, Turkiya iltimosi va Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi. Alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen NATO-Rossiya muloqoti uchun Bryusselga kelayotgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham shu xususda gaplashadi.

Putin Assad hukumatini oqlayotganimiz, himoya qilayotganimiz yo’q, deb keladi, ammo shu bilan birga Assadning hokimiyatdan ketishiga chorlovchi da’vat va hujjatlarga qo’shilmaydi.

Ammo haqiqat shuki, Suriya Rossiya qurollariga eng yirik xaridorlardan bo’lib, Rossiyaning xorijdagi yagona harbiy-dengiz bazasi Suriyada joylashgan. Assad ketib, hokimiyat muxolifatga o’tsa, Rossiya yirik mijoz va bazadan ayrilishi mumkin.

Turkiyaning ham o’ziga yarasha bosh og’rig’i bor – mojarodan Turkiya tomon qochgan minglab suriyaliklar va fursatdan foydalanib, o’z davlati yoki muxtoriyatga erishish orzusida yurgan suriyalik kurdlar. Erdog’an mamlakatda tinchlik qaror topishini, qochqinlarning vataniga qaytishini istaydi.

Rasmiy Anqara suriyalik kurdlar harakatlarini yaqindan kuzatmoqda. Ayrim tahlilchilar fikricha, Rossiya ularni Turkiyaga qarshi qo’zg’atishi hech gapmas.
Ikki rahbar savdo munosabatlari xususida ham gaplashgan. O’tgan yili savdo 20 foizga oshib, oborot 32 milliard dollarni tashkil etdi. So’nggi to’qqiz oyda savdo yana 14 foizga o’sgan.

Rossiya Turkiyaning tabiiy gazga ehtiyojining uchdan ikki qismini qoplaydi, turk shirkatlari esa Rossiyadagi ko’plab qurilish loyihalarida band. Rossiya ayni damda Turkiyada atom zavodi qurmoqda. Millionlab rossiyalik sayyohlar har yili dam olish uchun Turkiyaga yo’l oladi. Bir so’z bilan aytganda, iqtisodiy aloqalar a’lo darajada va tomonlar siyosiy qarama-qarshiliklarning ularga ta’sir qilishini istamaydi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’lining aytishicha, so’nggi 10 yilda Turkiya-Rossiya munosabatlari yuksaldi.

“Suriyani deb ikki davlat aloqalarining taranglashishiga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi vazir.

Bu Putinning so’nggi ikki oyda ilk xorijiy safari bo’ldi. Rossiya rahbari aslida Turkiyaga oktabrda borishi kutilgan edi, biroq, deydi unga yaqin rasmiylar, Putin jismoniy mashg’ulot paytida jarohat olib, safarini qoldirishga majbur bo’ldi. Ertaga Putin Turkmanistonda bo’ladi.
XS
SM
MD
LG