Breaking News

Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida Turkiyaning Iroqqa qo'shin kiritganini qoraladi


BMT Xavfsizlik Kengashi, Nyu-York
BMT Xavfsizlik Kengashi, Nyu-York

Kecha BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiya iltimosiga ko'ra yopiq eshiklar ortida majlis bo'lib o'tdi. Unda Turkiyaning Bag'dod e'tiroziga qaramay Iroqqa qo'shin kiritgani muhokama qilindi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkinning muxbirlarga aytishicha, Turkiya bunday mas'uliyatsiz harakati bilan mintaqada taranglikni kuchaytirmoqda.

Iroq hukumati Anqaradan qo'shinlari va tanklarini mamlakat shimolidan olib chiqishni talab qilmoqda, biroq Turkiya hukumati bu ishni Kurdiston mintaqaviy hukumati bilan kelishgan holda qilganini bildirmoqda.

“Agar Turkiya qo'shinlarini "Islomiy davlat"ga qarshi kurashish uchun Iroqqa olib kirgan bo'lsa va Iroq barqarorligi yo'lida ish tutayotgan bo'lsa, nega bu mamlakat hukumatidan ruxsat olmadi?" - deya so'raydi Churkin.

Rossiya elchisi AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarini ham Suriyada Bashar Assad hukumatining ruxsatisiz havo hujumlarini amalga oshirayotganlikda aybladi.

Iroqning BMTdagi elchisi Muhammad Ali Al-Hakimning aytishicha, Iroq va Turkiya yuzaga kelgan muammoni hal qilishga urinmoqda.

"Masalani Xavfsizlik Kengashiga oshirganimiz yo'q hali", - dedi elchi.

O'tgan oy Turkiya Suriya chegarasida Rossiya samolyotini urib tushirganidan beri ikki mamlakat aloqalari sovigan. Biroq Churkinning aytishicha, bu masala Xavfsizlik Kengashida ko'tarilmadi.

Rossiya matbuotiga ko'ra, urib tushirilgan Su-24 harbiy samolyotining qora qutisi topilgan va Prezident Putin qutini xalqaro ekspertlar oldida ochishni buyurgan. Fransiyaning Frans-Press axborot agentlgi shu maqsadda Rossiyaga britan mutaxassislari taklif etilgani haqida xabar tarqatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG