Rossiya-Markaziy Osiyo: Ashgabat va Dushanbedagi muzokaralar ketidan sharh


Sergey Lavrov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri

Sergey Lavrov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri

Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan harbiy hamkorlikni mustahkamlashga harakat qilayapti. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkmanistonda, Mudofaa vaziri o'rinbosari Anatoliy Antonov Tojikistonda muzokaralar olib borgan. Ashgabat Moskva taklif qilgan harbiy ko'makni rad etar ekan, Tojikiston aksincha Moskvadan bu borada yordamni kuchaytirishni so'ragan.

Turkmaniston rasmiylariga ko’ra, Afg’onistondan kelayotgan xavfdan muhofazalanishda Rossiya madadiga muhtoj emas. Berdimuhammedov va Lavrov ushrashuvida so’nggi paytda biroz tarang munosabatlar va Afg’onistondagi vaziyat muhokama qilingan. Berdimuhammedov Rossiya rahbari Vladimir Putinni mamlakatga taklif qilgan.

Antonov Dushanbeda Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo bilan uchrashuvida ham Afg’oniston haqida gaplashgan. Yaqin orada ikki davlat qurolli kuchlari qo’shma o’quv mashg’ulotlari o’tkazishi kutilmoqda. Bu orada Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari ijobiy natija bermoqda, deya bayon qildi.

Moskva rasmiylarining bu harakatlari Afg’oniston bilan chegrasida jangarilar kuch to’playotgani haqidagi ma’lumotlar barobarida kuzatilmoqda.

Rus ekspertlari nazarida Markaziy Osiyo rahbarlari geosiyosiy o’yinchoq bo’lishni bas qilishi kerak.

Moskvadan tahlilchi Vladimir Yevseyev deydiki, AQSh Markaziy Osiyodan chiqib ketmoqda, mintaqa xavfsizligi uchun mas’uliyat Rossiya va Xitoy zimmasiga o’tmoqda.

“Shuning uchun ham AQSh mintaqaning ayrim liderlariga qanday va’dalar bermasin, Markaziy Osiyoda beqarorlik boshlangan paytda Rossiyadan boshqa birorta real harbiy ko’mak ko’rsatuvchi davlat topilishiga ishonmayman. Shunday ekan, mintaqa prezidentlari AQSh va Rossiya o’rtasida yugurishni bas qilib, ularga barqarolik beruvchi ayrim qarorlarni qabul qilishlari kerak”, - deydi Yevseyev Moskvada o’tgan matbuot anjumanida.

Toshkentdan siyosatshunos Anvar Nazir fikricha AQSh mintaqani tark etayotgani yo’q. Aksincha AQShning mintaqa bilan munosabatlari yangi bosqichga chiqmoqda.

“Albatta, xavfsizlik nuqtai nazaridan Tojikiston, Qir’giziston mudofaa tizimi ancha zaif. Turkmaniston esa so’nggi paytda O’zbekiston tomon intilayapti. Qozog’iston esa boshqa masala. Bu yerda O’zbekiston tutgan pozitsiya muhim, chunki boshqa davlatlardan farqli Rossiya loyihalariga qo’shilmagan. Bu pozitsiya nafaqat AQSh, balki boshqa yirik davlatlar tomonidan ham qo’llanadi. Shuningdek, AQSh va Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtiruvchi (C5+1) muloqoti paydo bo’lishi ham AQShda mintaqani tashlab chiqish niyati yo’qligini ko’rsatadi. Umuman, ayrim ekspertlarda AQSh Osiyo- Tinch okeanida kuchayish uchun, Markaziy Osiyodan chiqib ketadi, degan bir ahmoqona, noto’g’ri fikr bor. AQSh Markaziy Osiyodagi manfaatlarini qurbon qilish niyatida emas”, - deydi Anvar Nazir.

AQSh Markaziy Osiyo va Afg’onistonni tashlab qo’ymaydi, deya AQSh rasmiylari qayta-qayta ta’kidlan keladi. Davlat departamenti har bir respublika bilan muntazam muloqotda. Yanvar oyida Amerika-O’zbekiston muzokaralari Vashingtonda bo’lib o’tdi.

Mana buni ham tinglang:

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG