Kremlning harakatlari ham Ukraina, ham Rossiyaning o'zi uchun tahdid

  • Amerika Ovozi

Joriy yilda Ukrainada ro’y bergan inqilob natijasida rossiyaparast prezident hokimiyatdan ag’darilib, Yevropa bilan yaqinlashuv tarafdorlari hokimiyatga keldi.

Biroq Rossiyaning Qrimni bosib olgani hamda sharqdagi bo’lginchilarni qo’llab-quvvatlayotgani Ukrainada vaziyat hali-beri tinchimasligidan darak bermoqda. Urush uzoq davom etishi mumkin. Siyosiy tahlilchilar fikricha, Kremlning harakatlari nafaqat Ukraina, balki Rossiyaning o’zi uchun ham tahdid.

Ukrainaliklar bundan bir yil oldingi “Yevromaydon” voqealarini qayg’u-alam bilan yodga oladi. Prezident Viktor Yanukovichni hokimiyatdan quvgan namoyishlarda ancha odam halok bo’lgan. Ularning o’limiga sabab bo’lganlar hali jazoga tortilmadi. Inqilob bu mamlakat uchun qimmatga tushdi.

Kreml tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan ayirmachilar bilan janglarda ham shu kungacha minglab odam nobud bo’ldi. Mamlakat sharqidagi urush yangi rahbariyat uchun bosho’g’riq, deydi Kiyevdagi Razumkov markazi tahlilchisi Yuriy Yakimenko.

“Mustaqil Ukraina tarixida ilk bor katta agressorga, dushmanga qarshi urush olib boryapmiz. Rossiya aynan shunday deb atalishi kerak”, - deydi u.

O’z kelajagini Yevropa bilan ko’radigan aksar ukrainlar bu yo’ldagi mashaqqatlar va to’kilgan qon shunga arziydi, deb hisoblaydi.

“Parlamentni sayladik, u samarali faoliyat yuritadi deb umid qilamiz. Hammasi joyida bo’ladi. Mana meni aytdi dersiz. Men Zarg’aldoq inqilobida qatnashganman. Inqilobdan keyin eng asosiysi odamlarning umidlarini oqlash”, - deydi namoyishchilardan biri Valentina Bilan.

Urush sababli ham Ukraina, ham Rossiyadagi iqtisodiy va siyosiy muammolar chetda qolib ketdi. Har ikki mamlakat islohotlarga muhtoj.

Rossiya Fanlar akademiyasidan Yuriy Pivovarov fikricha, Prezident Vladimir Putinning Ukraina siyosati Rossiya demokratiya bobida erishgan yutuqlarni puchga chiqaryapti.

“Putin Ukrainada namoyish etgan agressiya, bosqinchilik siyosatini o’z mamlakatida ham olib bormoqda. Siyosiy muhit juda yomon. O’zgacha fikrlovchilar, muxolifatga bosimlar kuchaygan. Shu ma’noda Ukrainadagi urush Rossiyaning o’zida ham urush ketayotganini anglatadi. Hukumat erkin fikrga qarshi chiqyapti”, - deydi Pivovarov.

Moskvadagi Karnegi tadqiqotlar markazi direktori Dmitriy Treninga ko’ra, Rossiya va Ukraina murosa qilishiga hech ishonch yo’q.

“Ayniqsa G’arbda Putin bilan murosa hozirda mag’lubiyat deb ko’riladi. Bu esa mutlaqo noto’g’ri. Shunday ekan, muammoning yagona yechimi - Rossiyada rejimning qulashidir. Kreml aynan shunday deb hisoblaydi va buning oldini olish uchun barcha choralarni ko’rmoqda”, - deydi tadqiqotchi.

Ukraina rahbarlari nafaqat Rossiya siyosatiga qarshi turib berishi, balki inqilobga turtki bergan korrupsiyaga qarshi ham kurashishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG