Rossiya gazni uzsa, o’zi ham daromaddan quruq qoladi

  • Amerika Ovozi

O’tgan yillarda bo’lgani kabi Rossiya tabiiy gazdan yana bosim vositasi sifatida foydalanmoqda. Ma’lumki, Yevropa gazining 30 foizi Rossiyadan keladi, shuning yarmi Ukrainadan o’tgan quvurlar orqali.
Xo’sh, diplomatik yoki geosiyosiy maqsadlarga erishish uchun tabiiy resurslarni qurol qilish qanchalik samarali?

Yaqingacha Ukraina prezidenti bo’lgan Viktor Yanukovich o’tgan yilning dekabrida Yevropa tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton bilan uchrashganida ittifoq bilan savdo va siyosiy kelishuvlar imzolashi kutilgan edi.

Ammo oxirgi fursatda Yanukovich fikridan qaytdi, prezident Vladimir Putinning qistovi bilan, deydi kuzatuvchilar. Kreml Ukrainaga arzon gaz va’da qilgan.

Kiyevdagi to’polonlar qonli tus olganidan so’ng Viktor Yanukovich vatandan qochishga majbur bo’ldi. Rossiya gazi esa Ukraina uchun boshog’riq, bir necha milliard dollarli qarz manbai.

Bosh vazir Dmitriy Medvedevning aytishicha, shu oydan boshlab Ukrainaga sotilayotgan gaz narxi 44 foizga oshadi. Kiyevning qarzi 2,2 milliard dollarga yetgan va Kreml uni darhol uzishni talab qilmoqda. Aks holda, Gazprom ta’minotni to’xtatadi.

Bundan Yevropa ham ziyon ko’rishi mumkin. Ko’rinishidan, Rossiya gazdan siyosiy qurol sifatida foydalanishda davom etadi, deydi tadqiqotchi Entoni Frogat.

“Rossiya iqtisodiyoti ko’p jihatdan energiya eksportiga tayanadi. Agar Ukrainaga arzonroq gaz sotishdan iqtisodiy va siyosiy naf ko’rmayotgan bo’lsa, demak narxlarni oshirishi tabiiy. So’nggi ikki oyda ro’y bergan voqealar Yevropa davlatlari siyosatida ham o’zgarish yasayapti”, - deydi suhbatdosh.

Ammo bu safar gaz uzilishi mumkinligi yuzasidan xavotirlar 2006 va 2009-yillarning qishida bo’lgani kabi vahima uyg’otmayapti. Bugun Yevropa oldida o’z ehtiyojlarini qondirishning muqobil yo’llari mavjud. Qolaversa, yoz oylarida gazga talab uncha yuqori emas. Qish nisbatan iliq kelgani bois qit’a mamlakatlari zaxirasida gaz yetarli.

“2006 va 2009-yillarda vaziyat boshqacha edi”, - deydi Entoni Frogat.

“Birinchidan, Rossiya Ukraina bilan gaz narxi ustida qahraton qish paytida tortishgan. Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi o’shanda Rossiya mahsulotiga tobe edi. Uchinchidan, gazning katta qismi Ukraina orqali yetkazilardi. Bugun esa Ukraina hududini aylanib o’tgan quvurlar bor”.

Rossiya gaz jo’mragini burab qo’yishdan oldin o’z iqtisodiyotiga ta’sirini ham hisobga olmog’i lozim. Tahlilchilar fikricha, Vladimir Putin qanday geosiyosiy rejalar tuzib qo’ygan bo’lmasin, energetik sanoatdan tushayotgan daromadni zarba ostiga qo’ymaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG