Breaking News

Tahlil: Rossiya qaltis qadam tashlamoqda


Simferopol
Simferopol

Siyosatshunos Pavel Felgengauer deydiki, Moskva sovet davrida sinovdan o’tgan siyosiy strategiyani qo’llamoqda. Kreml tomonidan tayinlangan rahbarlar yordam so’rab murojaat qiladi va shu bahonada mamlakatlar bosib olinadi.

Rossiya parlamenti prezident Vladimir Putinga Qrimda harbiy amaliyotlar boshlashga ruxsat berdi. Ukrainaning yangi hukumati hali o’ziga kelmasdanoq Kreml bu avtonom regionda agressiv harakatlarga o’tmoqda.

Vladimir Putin rasman Ukraina janubiga qo’shin jo’natishga ko’rsatma berishi mumkin. Uning so’zlovchisi Dmitriy Peskovga ko’ra, vaziyatga qarab qaror qabul qilinadi. Rossiyaning Vashingtondagi elchisini chaqirib olish ham muhokamada.

Ukraina rasmiylari so’nggi ikki kun ichida Qrimga olti ming rus askari yuborilganini aytadi. Bu voqealardan ruhlangan qurollangan guruhlar Xarkov va Donetsk shaharlarida hukumat idoralarini bosib olib, Rossiya bayroqlarini ilgan.

Qrimning yangi bosh vaziri Sergey Aksyonov “bizga tinchlik va barqarorlikni saqlashda yordam bering, deb sal avval Putinga yordam so’rab murojaat qilgan edi. Aksyonov “Rus Birligi” nomli partiyaga yetakchilik qiladi. Qrimning 60 foiz aholisi ruslardan iborat.

Tahlilchi Pavel Felgengauerning aytishicha, Moskva sovet davrida sinovdan o’tgan siyosiy strategiyani qo’llamoqda. “Afg’oniston, Vengriya bunga misol”, - deydi u.

“Ya’ni, Kreml tomonidan tayinlangan rahbarlar yordam so’rab murojaat qiladi va shu bahonada mamlakatlar bosib olinadi”.

Rossiya askarlari juma kunidan boshlab Qrimning uch aeroportini nazorat qilishga o’tgan. Harbiy vertolyotlar yarim orolga yuk tashimoqda, yo’llarda tekshiruv punktlarini ko’rasiz. Huquq-tartibot xodimlariga Rossiya pasportlari berilayotgani haqida xabarlar bor.

Atigi ikki oy oldin Rossiya davlat televideniyesida ukrainaliklar bizning og’a-inimiz degan bayonotlar yangragan bo’lsa, bugun bu mamlakat “millatchi fashistlar” qo’lida deya tasvirlanyapti. Ukraina bilan chegara yaqinida harbiy mashqlar avjida.

Pavel Felgengauer va boshqa kuzatuvchilar Rossiya uddalay olmaydigan murakkab bir ishga qo’l urayaptimi, deb so’raydi.

“Rossiya tinchlikparvar kuchlari endi Qrimda ancha vaqt qolib ketsa ajabmas”, - deydi Felgengauer.

Ukrainadan ajralib, Rossiyaga qo’shilish taklifiga omma qanday qaraydi, bu ma’lum emas. Qrimda ikki million aholi yashasa, shundan 60 foizi rusiyzabon. Ammo Qrimni 70 yildan buyon Kiyev boshqarib keladi. Aksar aholi o’zini rus tilida gaplashadigan ukrainalik deb biladi.

Bundan tashqari, respublika aholisining 15 foizi tatarlar. XX asrning birinchi yarmida Kreml siyosatidan ancha jabr ko’rgan bu xalq Moskva nazoratida bo’lishni istamaydi.

Felgengauer fikricha, agar okkupatsiya zo’ravonlikka aylansa Turkiya tatarlarga yordam qo’lini cho’zishi mumkin. Bosfor bo’g’ozi yopilsa, Rossiya neft eksportining 30 foizi to’xtab qoladi.

“Turkiya qattiq talablar qo’yishi, istasa bosimga olishi mumkin Rossiyani”, - deydi Felgengauer.

Ukraina markaziy hukumati ixtiyorida ham ayrim bosim vositalari bor. Masalan, Qrimga ichimlik suvini yopib qo’yish. G’arb esa Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo’yishi mumkin.

Shu yoz Sochida Katta Sakkizlik davlatlari sammiti rejalangan. G’arb rahbarlari avvalo bu maslisni boykot qilish orqali o’z noroziligini namoyish etsa ajabmas.
XS
SM
MD
LG