Nemsov hisoboti: Ukrainada 220 rossiyalik askar halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

27-fevral kuni Moskvada otib ketilgan muxolifat yetakchisi Boris Nemsovning Ukrainadagi mojaroga doir hisoboti chop etildi. Unga ko'ra, Ukraina janubi-sharqidagi ixtilofda rossiyalik 220 askar halok bo'lgan. Shulardan 150 nafari Ilovaysk uchun janglarda, qolgani esa Debalsevo atrofidagi to'qnashuvlarda nobud bo'lgani da'vo qilinadi.

Ukraina hukumati va G'arb Rossiyani isyonchilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda, ularni askar va qurol bilan ta'minlayotganlikda ayblab keladi. Rossiya bu ayblovlarni inkor etib, dalil keltirishni talab qilmoqda.

Nemsov hisobotida aytilishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi soldatlarni harbiy xizmat haqidagi shartnomasini tugatishga majburlab, Ukrainaga ko'ngillilar sifatida yuborgan. Yaralangan va halok bo'lgan harbiylarning oila a'zolariga va'da qilingan kompensatsiya puli to'lanmagani aytiladi.

64 sahifali hisobot guvohlar ko'rsatmalari, matbuotdagi xabarlar, Ukrainada halok bo'lgani da'vo qilinayotgan harbiylar oila a'zolari bergan ma'lumotlar asosida tayyorlangan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Rossiyaning Sochi shahrida Prezident Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuv chog'ida Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar muhokama etilmaydi, deb aytgan edi.

Davlat departamenti taraflar ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar, Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar xususida gaplashishi haqida ma'llum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG