Putin AQShni Mustaqillik kuni bilan tabriklab, murosaga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin so'zlariga ko'ra, dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashda Moskva-Vashington aloqalari eng muhim omil.

Putin Amerika xalqini mustaqillik bayrami bilan tabriklab, Prezident Obamaga noma yo'lladi. Kelishmovchiliklarga qaramasdan, agar ikki davlat tenglik va bir-biriga hurmat asosida dialogni davom ettirsa, global ahamiyatga ega eng murakkab muammolarga ham birgalikda yechim topishimiz mumkin, deyiladi unda.

Rossiya rahbari terrorizm va "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni misol qilib keltiradi. Kremlga ko'ra, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qo'shma strategiyani muhokama qilishga tayyor.

Aytish joiz, Rossiya Qrimni o'ziga qo'shib olganidan buyon AQSh bilan munosabatlar o'ta salbiylashgan.

Vladimir Putin nazarida esa, aslida Rossiya ichki va tashqi siyosatda o'zi mustaqil, o'z manfaatlariga mos qarorlar qabul qilayotgani uchun G'arb bosimiga uchramoqda. Prezident bu haqda Kremlda xavfsizlik kengashi majlisida so'zladi.

"AQSh va Yevropa Ukrainani bahona qilib, bizga qarshi joriy etgan sanksiyalar jamiyatimizdagi hamjihatlikni, birlikni yenga olmadi. Ukrainadagi urushga ularning o'zi sababchi", - deya ta'kidladi Putin.

Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushevning da'vo qilishicha, sanksiyalar Rossiyaning iqtisodiy salohiyatiga zarba berish, tashqi siyosatini va amaldagi hukumatini o'zgartirishga qaratilgan.

Bu jazo choralarini uzaytirish talablari bilan chiqayotgan alohida mamlakatlarga qarshi biz ham chora ko'ramiz, deydi rasmiy.

4-iyul - Mustaqillik kuni

Qo'shma Shtatlar bugun o'z mustaqilligining 239 yilligini nishonlayapti. Obama radio murojaatida yurtdoshlarini bu ayyom bilan qutladi. Oq uyda yuzlab harbiylar va ularning oilalari uchun dasturxon yozilgan.

Har yili 4-iyul kuni yuzlab muhojirlar fuqarolik qasamyodini keltiradi. Bu safargi marosim AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashingtonning "Mount Vernon" deya atalmish dala-hovlisida o'tmoqda.

Poytaxt Vashingtonda bugun millionlab amerikaliklar parad va tomoshalarga otlanadi. Bu sanani oilaviy davrada nishonlaydiganlar ham ko'p.

1776-yilning 4-iyulida 13 koloniya Britaniya hukmronligidan ozod bo'lamiz deb Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilgan. Bu hujjat Qo'shma Shtatlarning uchinchi Prezidenti Tomas Jefferson tomonidan bitilgan bo'lib, konstitutsiya bilan teng ko'riladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG