Vashington amerikalik jurnalistning Rossiyaga kiritilmaganidan norozi

  • Amerika Ovozi

Kreml rasmiylari amerikalik jurnalistni Rossiyaga kiritmaslikka qaror qildi. “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosida maslahatchi sifatida ishlovchi tajribali jurnalist Rossiyani qoralovchi maqolalari bilan tanilgan edi.

Skype orqali “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan jurnalist Devid Setterning aytishicha, Rossiya mutasaddilari unga dekabr oyida kirish vizasi berilgani haqida xabar bergan.

Ammo keyinroq Ukrainadagi Rossiya elchixonasi bu xabarni inkor etgan.

“Menga berilgan ma’lumotnomada tegishli organlar mening Rossiyada bo’lishimni istamagani yozilgan. Shu bois meni Rossiyaga kiritishmayapti”, - deydi u.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining aytishicha, Setter viza qoidalarini buzgani uchun mamlakatga kiritilmagan.

Jurnalist esa qarorning siyosiy sababga ega ekanini aytadi.

Setter uzoq yillardan beri Rossiya hukumatidagi avtoritar boshqaruv va korrupsiyani qoralab keladi. U Moskvada yashab ishlagan, Rossiya haqida qator kitoblar muallifi.

“Nega bunday bo’lganining sababi shuki, nazarimda, Rossiya rejimi ishonchini yo’qotyapti. Oyoqlari ostidagi tuproq ilgarigidek mustahkam emasligini sezishyapti va ular mamlakatda nimalar bo’layotganini tushunishga qodir jurnalistlarning Moskvada bo’lishini istamaydi”, - deydi amerikalik jurnalist.

Rossiyaning Setterga viza bermagani AQShning hafsalasini pir qildi, deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mari Harf.

“AQShning Moskvadagi echixonasi masala yuzasidan, umuman, jurnalistlar va matbuotga ko’rsatilayotgan munosabat xususida Rossiya rasmiylariga murojaat qildi. Biz ilgari ham ko’p ta’kidlaganimizdek, erkin axborot oqimiga to’siq qo’yish innovatsiya va o’sishni ta’minlovchi erkin muloqot uchun zarur bo’lgan ochiq muhitning shakllanishiga halaqit beradi. Biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz”, - dedi AQSh rasmiysi.

Rossiyaning Setterga viza bermagani Sovuq urush davrini yodga soldi. O’sha davrlarda jurnalistlarning mamlakatga qo’yilmasligi tez-tez uchraydigan hodisa edi.

Jurnalistning Rossiyaga kiritilmasligi Sochida qishki Olimpiada boshlanishiga sanoqli kunlar qolganda ro’y berdi.

Setter “CNN” kanaliga bergan intervyusida Volgogradda yuz bergan terror xurujlarini tilga olib, Sochidagi musobaqa Olimpiya o'yinlari tarixidagi eng katta falokatga aylanishi mumkinligidan ogohlantirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG