Moskva-Vashington aloqalarida iliqlik, lekin do’stmiz deyishga hali erta, deydi tahlilchilar

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama, qasamyod marosimidan ko’p o’tmay, barcha kelishmovchiliklarni ko’rib chiqib, Kreml bilan murosa qilishini aytgan edi.

Prezident Barak Obama, qasamyod marosimidan ko’p o’tmay, barcha kelishmovchiliklarni ko’rib chiqib, Kreml bilan murosa qilishini aytgan edi.

AQSh-Rossiya munosabatlari, deydi tahlilchilar, so’nggi ikki yilda ancha iliqlashgan.

Ikki davlat global ahamiyatga ega masalalar, jumladan, Eron va Shimoliy Koreyani yadroviy izlanishlar yo’lidan qaytarish, Afg’onistonda terrorga qarshi kurash hamda o’zaro kelishgan holda zaxiradagi qurollarni kamaytirishda hamkorlik qilmoqda.

Rossiya bilan aloqalarni yangilash AQSh tashqi siyosatida ustuvor yo’nalish desak xato bo’lmaydi. Prezident Barak Obama, qasamyod marosimidan ko’p o’tmay, barcha kelishmovchiliklarni ko’rib chiqib, Kreml bilan murosa qilishini aytgan edi. Oradan ikki yil o’tib, bugun munosabatlarda xayrixohlik, ahillik sezila boshlagan.

Bu qanchaga yetishi boshqa masala, deydi AQShning iste’fodagi generali Antoni Zinni.

“Sovet Ittifoqi qulagan davrdan beri Rossiya o’zini ancha tiklab olishga erishdi. Xalqaro sahnada o’rnini topishga, mavqeini oshirishga harakat qilib kelmoqda. Sir emaski, Markaziy va Sharqiy Yevropa Rossiyadan yiroqlashib, NATOga qo’shilganida Kreml hamon AQShni ayblaydi. Nazarimda, do’stmiz deyishga hali erta”, - deydi general Zinni.

Birgalikda dunyo yadro raketalarining 95 foiziga egalik qiluvchi Rossiya va AQSh o'tgan yili zaxiradagi strategik qurollarni kamaytirishga kelishib oldi

Birgalikda dunyo yadro raketalarining 95 foiziga egalik qiluvchi Rossiya va AQSh o'tgan yili zaxiradagi strategik qurollarni kamaytirishga kelishib oldi

Oq uy sobiq maslahatchisi Brent Skovkroft fikricha, Amerika va Rossiya bir-birini endi tushuna boshlayapti.

“Sovet o’tmishi qoldirgan meros hamda shubha va gumonlarni chetga surib, endi yaqin hamkor bo’lamiz deyish oson emas. O’zaro ishonch va hurmat asosida aloqalarni yangidan qurish uzoq yillar talab qiladi”, - deydi Brent Skovkroft.

Uning ta’biricha, AQSh uchun Sovuq Urushda g’olib yoki mag’lub tomon yo’q, lekin Kremlda o’tirganlar bu borada boshqacha fikrda.

Amerika sobiq davlat kotibi Lorens Iglberger ikki davlat birgalikda ishlashga majbur deydi.

“Shuni yodda tutish kerakki, xalqaro maydonda agressiv siyosatni olg’a surayotgan Rossiyani Sovet Ittifoqiga qiyoslab bo’lmaydi. Lekin u bilan hisoblashmasdan, kelajakda hamkorlik qilmasdan iloj yo’q”, - deya qo’shadi sobiq tashqi ishlar vaziri.

Mutaxassislar fikricha, strategik qurollarni 30 foizga kamaytirishga doir START bitimi muhim ahamiyatga ega. Prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev uni o’tgan yili Pragada imzolagan edi.

O’zaro ishonch va hurmat asosida aloqalarni yangidan qurish uzoq yillar talab qiladi

O’zaro ishonch va hurmat asosida aloqalarni yangidan qurish uzoq yillar talab qiladi

“Amerika Kongressi bitimni ratifikatsiya qilgani Kremlda ijobiy qabul qilingan. Aks holda, aloqalar yana izdan chiqishi mumkin edi”, - deydi siyosatdonlar.

Dunyo yadroviy raketalarining 95 foizi AQSh va Rossiyaga tegishli ekan, ular sonini kamaytirish va hech qachon ishlatmaslikka kelishib olish barqarorlik va muvozanatni ta’minlaydi. Navbat endi qisqa masofali yadro qurollarni qisqartirishga qaratilgan yangi muzokaralarga.

Hamkorlik samarasini Kremlning Eron yadro dasturi bo’yicha qarashlari o’zgarib borayotganida ko’rish mumkin.

Rossiya Eronga S-300 raketalarini sotish qaroridan qaytgan. BMT Xavfsizlik Kengashida bu davlatga qarshi sanksiyalarni yoqlab chiqqan.

“Xavfsizlik Kengashi a’zolari Eronga qarshi qat’iy pozitsiyada tursa, sanksiyalar albatta ish beradi”, - deydi general Antoni Zinni. “Rossiya bu borada AQSh bilan hamfikr ekani juda muhim. Xitoyni ham bunga ko’ndirish lozim”, - deydi u.

2010 yil davomida AQSh va Rossiya qator ziddiyatli masalalarni hal qilishga muvaffaq bo’ldi.

Joriy yilda Rossiya Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilishda AQSh yordamidan, Obama ma’muriyati esa qurol nazoratiga doir yana bir kelishuv imzolashdan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG