AQShning Rossiyadagi elchisi: Sovuq urushga qaytish yo’q

  • Amerika Ovozi

AQShning Rossiyadagi elchisi Maykl Makfol uning davlatiga qarshi kuchli targ’ibot kampaniyasiga guvoh bo’lganini aytmoqda, ammo deydi u, o’tmishdagi ziddiyatli davrlarga qaytishni hech bir tomon istamaydi. Shu yil boshida lavozimga kirishgan Maykl Makfol “Amerika Ovozi” bilan intervyuda AQSh-Rossiya aloqalari va bugungi muammolarni sharhlab berdi.

AQSh Yevropada o’rnatishni rejalayotgan mudofaa sistemasi bugungi kelishmovchiliklarning bir bo’lagi, deydi u.

Tizim qit’ani Eron va Shimoliy Koreya singari davlatlardan himoya qiladi, lekin haligacha Moskvani bunga ishontira olganimiz yo’q, deya tan oladi elchi.

Uning qayd etishicha, Vladimir Putinning prezidentlikka qaytgani Rossiyaga nisbatan siyosatni o’zgartirmaydi.

Putin saylov kampaniyasi paytida muxolifatni AQShdan mablag’ olayotganlikda ayblagan edi.

Haqiqat shuki, deydi elchi Maykl Makfol, Amerika faqatgina nohukumat va nosiyosiy tashkilotlarga moliya ajratadi. Maqsad Rossiyada fuqaro jamiyatini qo’llab-quvvatlash.

AQSh va Rossiya orasida bugun kelishmovchiliklar talay. Ammo sovuq urush davridagi achchiq, behuda tortishuvlarga qaytish niyatimiz yo’q, deydi Makfol.

27-28 martda Janubiy Koreya yadro xavfsizligi bo’yicha xalqaro anjumanga mezbonlik qiladi. AQSh va Rossiya rahbarlari Barak Obama va Dmitriy Medvedev Seulda yuzma-yuz muloqot qilishi kutilmoqda.

Sammit oldidan prezident Medvedev AQShning mudofaa sistemasiga oid rejalarini yana bir bor tanqidga oldi.

“Kelishuvga erishish uchun vaqtni boy berayapmiz”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG