AQSh va Rossiya Sovuq urush holatiga qaytyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya va AQSh prezidentilari - Vladimir Putin va Barak Obama

Rossiya va AQSh prezidentilari - Vladimir Putin va Barak Obama

So’nggi paytda AQSh va Rossiya ayrim yo’nalishlarda hamkorlikni to’xtatmoqda. Kuni kecha Rossiya Qo’shma Shtatlar bilan narkotiklarga qarshi hamkorlikka doir bitimdan chiqdi.

Sal avvalroq esa Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan fuqarolik jamiyatlarini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan ishchi guruhidan chiqdi. Kecha, shuningdek, rasmiy Moskva AQShdan go’sht sotib olishni bas qildi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Kreml AQShda qabul qilingan “Magnitskiy” qonuniga javoban ana shunday yo’l tutmoqda.

Bu qonunga ko’ra, Amerika tomonidan inson huquqlarini buzganlikda aybdor topilgan rossiyalik rasmiylar AQShga kiritilmaydi va Amerika banklariga pul qo’ya olmaydi.

Vashingtondagi Gudzon Institutida Rossiya bo’yicha tahlilchi Deyvid Satterning aytishicha, ruslar go’sht importini taqiqlab, AQSh iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqchi.

Rossiya Qo’shma Shtatlardan 500 million dollarlik mol va cho’chqa go’shti sotib oladi.

Taqiqqa rasmiy sabab shuki, Amerikadan kelayotgan ayrim go’shtlardan raktopamin chiqqan. Bu chorvani semirtirishga yordam beradigan oziq turi.

Biroq Karnegi Jamg’armasining Moskvadagi vakili Masha Lipmanning aytishicha, bu qaror ortida siyosiy sabab bor.

"Rossiyada anti-amerikanizm, Amerikaga qarshi tashviqot kuchaymoqda. Tuzumni tanqid qilgan faollar obro’sini to’kish uchun qilinayotgan ish bu", - deydi Lipman.

AQShning rossiyalik huquq tartibot organlari bilan hamkorligi ham susayishi kutilmoqda.

Qoradori savdosi, xalqaro fohishabozlik, moliyaviy qalloblik, terrorizm, kibernetik jinoyatga qarshi qaratilgan qo’shma dasturlar haqida gap ketmoqda.

Tahlilchi Deyvid Satterning aytishicha, bu G’arb uchun muhim sohalar, chunki rus mafiyasi jahon bo’ylab ish qiladi.

"Ularning faoliyati haqida Rossiya Ichki ishlar vazirligidan ko’p biladigan idora yo’q", - deydi ekspert.

Kuzatuvchilar ikki davlat Sovuq urush holatiga qaytayotganini xavotir bilan tilga olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG