Yaqin kunlarda Islom Karimov Moskvaga boradi


Prezident Islom Karimov

Prezident Islom Karimov

Toshkentda O'zbekiston-Rossiya aloqalari, Prezident Islom Karimovning Moskvaga kutilayotgan tashrifiga tayyorgarlik muhokama qilingan. O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Rossiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Grigoriy Karasin bilan o'tgan uchrashuvida o'zaro aloqalar, Afg'onistondagi vaziyat ham muhokama etilgan.

O'zbekiston rahbari Islom Karimovning Rossiyaga safari dekabr oyida kutilmoqda.

4-dekabr kuni Komilov va Karasin muloqot qildi. Tashrifning aniq kunlari haqida ma'lumot berilmadi, ammo Putin va Karimov uchrashuvi dekabr oyi oxirlarida o'tishi mumkin.

Rossiyaning Suriyaga kirishini tanqid ostiga olgan Karimovning Moskvaga safari Suriya majorosi bois Moskva-Anqara munosabatlari o'ta keskinlashgan bir paytga to'g'ri kelmoqda.

Karimovning Rossiyaga tashrifi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) iyul oyida Ufada o'tgan sammitida ikki tomonlama uchrashuv paytida kelishilgan edi.

Karimov Rossiya-Turkiya ziddiyatlari bo'yicha biror munosabat bildirmagan. Bu masala Tashqi ishlar vazirliklarining Toshkentdagi muzokarlarida qanchalik muhokama qilingani ham noma'lum.

Karimov Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtirokiga qarshiligi bilan ma'lum. Uning yaqinda aytgan “biror joyga kirishdan avval chiqishni o'ylash kerak” degan gaplari aynan Rossiyaga qaratilgan edi.

Ammo Rossiyaga kutilayotgan tashrif arafasida, rasmiy darajada bo'lmasa-da, o'zgarishlar kuzatilayotgani seziladi. Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi fevral oyida Turkiyada rejalangan yig'inini bekor qilgan, bu Turkiya-Rossiya ziddiyatiga qanchalik bog'liqligi noma'lum, ammo O'FF bu qarorini xavfsizlik chorasi deya izohlagan.

Avvalroq Turkiya-Rossiya ziddiyatida Moskvani qo'llagan ayrim futbol klublari ham Turkiyada rejalangan yig'inlarini bekor qilishgan edi.

Markaziy Osiyoda Rossiya-Turkiya o'rtasidagi ziddiyat tashvish uyg'otgan, aksariyati Kreml bilan ittifoqdosh bo'lgan davlatlar jamoatchilikning boshqacha kayfiyatiga qaramasdan Rossiyani qo'llab-quvvatlash majburiyati ostida qolgani ta'kidlanmoqda.

Moskvadagi o'zbek faollaridan biri Usmon Baratov:

“Sanksiyalar Turkiyadan kelayotgan oziq-ovqat mahsulotini to'xtatdi, o'rniga O'zbekistondan ham olinadi, bu esa u yoqda ham narx-navolar oshishiga sabab bo'ladi. Xullas, tayoq yana kambag'alning boshida sinadi. Mintaqada besh davlat bo'lsa, ularning hammasi o'z siyosatiga ega. Shunga yarasha bu ziddiyatga munosabat bildirishayapti. Albatta, Rossiya bilan bojxona ittifoqida bo'lgan Qozog'iston, Qirg'iziston Moskvani qo'llaydi, ammo Tojikiston ham shunga yaqin turibdi. O'zbekiston, Turkmaniston boshqa masala”.

Rossiyaning Suriyada Bashar Assadni qo'llab harbiy ishtirok boshlashi, asosan, sunniylardan iborat bo'lgan Markaziy Osiyo jamoatchiligini ranjitgan, ammo aksariyat davlatlar rasman bu borada Moskvani qo'llab chiqishgan edi. Mintaqa davlatlarining Rossiya-Turkiya ziddiyatiga rasmiy munosabatlari ham shu ko'rinishda yakunlanishi mumkin, degan qarashlar bor.

“Ozodlik” radiosi bilan suhbatda AQShda yashayotgan o'zbek siyosatshunosi Toshpo'lat Yo'ldoshev shunday deydi:

“Masalaga global qaraganda, Tojikiston, Qozog'iston ham Rossiyaga Suriyadan tezroq chiqib keting, bu sizning manfaatingizga to'g'ri keladi, deyishi kerak. Shunday qilishganda bu Turkiyani qo'llash bo'lardi. Rossiya rostdan u yoqda nima qilib yuribdi? Suriyada bo'lganman, turkmanlar yashaydigan joylarni bilaman, ularning tili bizga juda yaqin. Turkiya Rossiya kirganidan buyon u yerlarda faqat turkmanlar yashashini, “Islomiy davlat”dan hech kim yo'qligini aytib keladi. Turkmanlar o'z huquqlari uchun kurashib kelayotgan xalq. Shundan kelib chiqsak, Suriya hukumatining ham, Rossiyaning ham ularga nisbatan tutgan siyosati aqlga sig'maydi”.

Usmon Baratovga ko'ra, mintaqadan faqat Karimov Rossiyaning Suriyaga kirishini norozilik bilan kutib oldi; aslida bu amaliyotdan u ham manfaatdor.

“Karimovning “Kirayotganda chiqishni o'ylang” degani ham unchalik to'g'ri emas. Rossiya ham majbur bo'ldi kirishga, IGIL bilan shug'ullanishga. Aslida Karimov Putinga buning uchun rahmat deyishi kerak, chunki IGIL bugun to'xtatilmasa, ertaga O'zbekistonga ham keladi ”, - deydi Baratov.

Turkiya-Rossiya munosbatlari o'tgan oy Suriyadagi aksilterror amaliyotiga jalb qilingan rus harbiy uchog'i urib tushirilishidan so'ng jiddiy keskinlashdi. Bundan norozi bo'lgan Rossiya Turkiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Bu sanksiyalar ta'siri aksariyati Moskva bilan hamkor mintaqaga ham ta'sir qilishi tabiiy.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG