Toshkent-Moskva munosabatlarida yangi sahifa ochildimi?


O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, 26-aprel, Moskva

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, 26-aprel, Moskva

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Moskva safari aloqalardagi burilish sifatida taqdim etilmoqda. Ammo ekspertlarga ko'ra, siyosatda o'zgarishlar yuz bermoqda, deyishga erta. Rahbarlarning ochiq muloqoti ehtiyotkorlikdan darak.

Moskva Toshkentning mintaqaviy tashkilotlarga qo'shilishi mumkinligidan umidini uzgan, tomonlarning Afg'oniston yuzasidan muzokaralarga jalb qilinishi ham ehtimoldan yiroq.

Uchrashuvlarda Toshkent Rossiya qurol-yarog'ini uchinchi davlatga eksport qilishi mumkinligi bo'yicha ikki tomonlama kelishuv imzolandi.

O'zbekiston Rossiya harbiy texnikasining asosiy xaridorlaridan biri, ammo hozirgacha unda bu qurol-yarog'ni boshqa tomonga sotish huquqi bo'lmagan. O'zbekistondan bu aslahani olishi mumkin bo'lgan uchinchi davlat sifatida Afg'oniston nazarda tutilmoqda.

Karimov va Putin o'rtasidagi norasmiy va rasmiy muloqotda ham asosan Afg'onistondagi vaziyat muhokama qilingan.

Karimov Afg'onistonda barqarorlik o'rnatish bo'yicha ketayotgan muzokaralarga Rossiya ham jalb etilishi kerak, deb hisoblaydi.

Aytish joiz Vashington Rossiyaning bu davraga qo'shilishiga hech qachon qarshi chiqmagan. Obama ma'muriyati Afg'oniston masalasi yuzasidan barcha davlatlar bilan gaplashib keladi.

Biroq rossiyalik ekspert Andrey Sirenko deydiki, yuqorida tilga olingan to'rt yirik davlat jarayonga yirik mablag' tikishga tayyor bo'lmagan tomonlarni bevosita tortish niyatida emas.

“Ayni paytda Rossiya ham, O'zbekiston ham muzokaralar doirasida emas. Agar Afg'oniston, AQSh, Pokiston va Xitoy to'rtligi nazarda tutilayotgan bo'lsa, toliblar bilan muzokara qilayotgan bu to'rtlik, nazarimda, boshqa tomonlarni bu jarayonga qo'shish haqida o'ylayotgani yo'q. Chunki Afg'oniston bu juda qimmat mamlakat, ya'ni bu malakatga sarmoya kiritish, ishtirok etish va biror dastaklarga ega bo'lish jihatidan. AQShning Afg'onistondagi bir yillik ishtiroki 5 milliard dollardan ortiq mablag'ni tashkil etadi. Agar to'rtlik jarayonga Rossiyani qo'shishni ixtiyor etganda ham, bunday ishtirok uchun mablag' Rossiyaning o'zida ham, hatto O'zbekiston byudjetini qo'shib hisoblaganda ham topilmaydi. Shunday ekan, bu shunchaki muzokaralardan chetda qolayotgan prezidentlarning ambitsiyalari, xolos”, - deydi Sirenko.

Karimovning Mosvkvaga tashrifi Rossiya matbuotida ancha izchil yoritildi. Prezident Putinga ko'ra, O'zbekiston - Rossiyaning Markaziy Osiyodagi muhim ittifoqchisi.

Mintaqa bo'yicha ekspert Aleksanr Knyazev fikricha, Qirg'iziston va Tojikiston kabi davlatlar nomigagina hamkorlar, O'zbekiston esa real sherik.

Andrey Sirenko nazarida esa Karimovning Moskva safari Kreml manfaatlarini himoyalayotgan rus ekspertlari tomonidan ancha bo'rttirildi. Haqiqatda esa, deydi u, bu safar ochiq muloqot qilinganiniga qarramay mulozamatdan nariga o'tilmadi.

“Bu tashrif - Karimovning masofa va muvozanat saqlashga qaratilgan navbatdagi siyosati. Ayrim ekspertlar hozir bu tashrifni o'ta muhim, munosabatlardagi qandaydir tarixiy safar sifatida ham taqdim etishmoqda. Aslida men biror yangilikni kuzatayotganim yo'q. O'zbekiston Moskva yetakchiligidagi tashkilotlarga qo'shilish niyatidan uzoq, faqat ikki tomonlama munosabatlarga urg'u bermoqda. KXSh tarkibiga qaytish haqida ham gap yo'q, Toshkent bu tashkilot, shunchaki, qog'ozdagi yo'lbars ekanligini yaxshi biladi. Afg'oniston muammosida uning real yordam ko`rsatishi shubhali. Moskva va Toshkent hamkorlikda o'ta ehtiyotkor. Rahbarlarning turli bayonotlariga qaramasdan, bu hamkorlik shunday darajada qoladi”, - deydi Sirenko.

Karimov Moskvada 25-26-aprel kunlari muzokaralar o'tkazdi. Tomonlar Afg'onistondagi vaziyatni, mintaqada barqarorlik masalasini, ikki tomonlama savdo va iqtisodiy aloqalarni muhokama qildi. Hamkorlikni rivojlantrishga qaratilgan bir nechta hujjat imzolandi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG