Rossiyada G’alaba kuni nishonlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Qizil maydonda harbiy paradga tayyorgarlik. 5-may 2015-yil

Qizil maydonda harbiy paradga tayyorgarlik. 5-may 2015-yil

Rossiya ommaviy axborot vositalarida Ulug’ vatan urushida Germaniya fashistlari ustidan qozonilgan g’alabarning 70-yilligi munosabati bilan Sovet Ittifoqini sharaflaydigan film va televizion dasturlar namoyish qilinmoqda. Moskva ko’chalarida vatanparvarlik hissini uyg’otuvchi plakatlar o’rnatildi.

Sovet Ittifoqi Ikkinchi Jahon urushida eng katta talafot chekkan mamlakat – 28 million odam qurbon bo’lgan. Ko’plar uchun bu milliy g’urur manbai, ammo tarixchi Andrey Zubov fojea ko’lami kichikroq bo’lishi mumkin edi, degan fikrda.

"Stalin va kommunistlar tashkil etgan mudofaa tizimi yaxshi ishlamagani tufayli qurbonlar juda ko’p bo’lgan, chunki eng zo’r general va zobitlarimiz urushdan oldingi yillarda Stalin buyrug’i bilan otib tashlangan”, - deydi u.

Moskva ko’chalari tanklar, raketa otuvchi uskuna va boshqa harbiy texnikaga to’la – paradga tayyorgarlik avjida.

Rossiya davlat matbuotiga ko’ra, Qizil maydondagi paradda 15000 askar va 200 ta harbiy uskuna, shu jumladan eng zamonaviy tanklar va gaubitsalar ko’z-ko’z qilinadi.

Mamlakatning yana 28 ta shahrida harbiy paradlar o’tishi rejalangan. Ularda 78 ming askar va qariyb 2000 ta harbiy texnika ishtirok etadi. Sovet an’anasi bo’lmish paradlar ittifoq parchalanganidan keyin bekor qilingan edi, ammo 2008-yilda Prezident Putin qarori bilan qayta tiklandi.

Bu yilgi parad katta siyosiy ahamiyatga ega, chunki bundan bir yil oldin Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini o’z hududiga qo’shib olgan edi. O’shandan buyon Kreml Ukraina sharqidagi ayirmachilik faoliyatini ham qo’llab-quvvatlab keladi.

Zubov, Moskva Xalqaro munosabatlar davlat institutining sobiq professori, o’tgan yili Rossiyaning Ukraina siyosatini tanqid qilgani va Germaniyaning Avstriyani bosib olishi bilan qiyoslagani uchun ishdan haydalgan edi.

9-may bayram emas, aza va xotira kuni bo’lishi kerak, deydi Zubov.

“Oddiy odamlar G’arbning g’alabaga qo’shgan hissasini bilmaydi. G’alabaga faqat Sovet Ittifoqi erishgan deb o’ylaydi. Britaniya va AQShda tarixning o’qitilishi teskari natijaga olib kelgan – ular Rossiyaning g’alabaga hissasi haqida gapirmaydi, shu jumladan Stalingrad jangi haqida. Asosiy e’tibor Tinch okeanidagi urush va AQSh qo’shinlarining Normandiyaga kiritilishiga qaratiladi. Inglizlar Britaniya uchun kurash haqida ko’p gapiradi. Bu, albatta, Britaniya tarixidagi muhim sahifa. Tarixchi sifatida men o’z kitoblarimda har bir mamlakatning g’alabaga qo’shgan hissasini xolisona ko’rsataman. Buning vaqti keldi”, - deydi professor.

Sovet Ittifoqi bilan birgalikda fashistlarga qarshi kurashgan Britaniya, AQSh va Ukraina rahbarlari paradga bormaslikka qaror qildi.

“Buni tushunsa bo’ladi. Axir Rossiya – Ukrainada bosqinchi", deydi professor Zubov. "Qrimni o'ziga qo’shib oldi, Donbassda urush olib bormoqda, boshqa shaharlarda diversion va terror harakatlarini tashkil etyapti. G’arb rahbarlari bosqinchi mamlakatga kelib, bosqinchi bilan birgalikda so’nggi 70 yildagi bosqinchilik harakatlarini nishonlamoqchi emas”.

Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov jurnalistlarga 30 davlat rahbarlari Moskvada yig’ilishini bildirdi. Xitoy Prezidenti Sin Zinpin ham tashrif buyuradi. Shimoliy Koreya rahbari Kim Jon Un ham taklifni qabul qilgan edi, biroq so’ngra “ichki masalalar sababli” rejalarni bekor qilgan.

Professor Zubovga ko’ra, Rossiya avtoritar tuzumlar bilan hamkorlik qilmoqda, chunki G’arbning demokratik rahbarlari Moskvadan yuz o’girgan.

”Hozirda Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya va qator boshqa mamlakatlar aksil-liberal, aksil-G’arb, aksil-demokratik uyushma tuzmoqda. Bu tashvishlanarli hol. Ammo Rossiyadagi jarayonlar shundayki, bunday uyushma tuzilmaydi, Rossiya G’arb bilan hamkorlik qiladi degan umiddaman”, - deydi Zubov.

Rossiya Sovet an’analarini davom ettirar ekan, Kiyev yondashuvini o’zgartirdi. Ukrainada 8-may ham fashistlar, ham sovetlarga qarshi kurashganlar g’alabasi kuni sifatida nishonlanmoqda. Ukraina rahbarlari urushni Ulug’ vatan urushi emas, Ikkinchi jahon urushi deb atashga o’tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG