“Arab bahori” shimolga yo’nalib, Rossiya qahratoniga aylanmoqdami?

  • Jeyms Bruk

“Arab bahori” shimolga yo’nalib, Rossiya qahratoniga aylanmoqdami?

“Arab bahori” shimolga yo’nalib, Rossiya qahratoniga aylanmoqdami?

Dunyoning eng yirik davlatida o’tgan saylovlar natijasi keng ko’lamli norozilik namoyishlarga turtki berdi. “Putin daf bo’lsin” degan shiorlar atigi bir hafta oldin hech kimning xayoliga ham kelmagan edi.

Rossiyada adolatsizlik timsoliga aylangan Mixail Xodorkovskiy, “Yukos” neft kompaniyasining qamoqda o’tirgan sobiq rahbari, yaqinda quyidagini bashorat qilgan edi: Parlament saylovlari kim g’olib bo’lishi bilan emas, balki qallobliklar Vladimir Putin hokimiyatini qanchalik silkitishi bilan muhim.

Poytaxt Moskva, shuningek, Vladivostokdan Kaliningradgacha, Rossiyaning kattayu-kichik shaharlarida omma 4-dekabrda o’tgan saylov natijalari yoppasiga soxtalashtirilganini qoralab, Bosh vazir Vladimir Putinga g’azabini sochdi.

Hisoblarga ko’ra, Kreml qarshisidagi “Bolotnaya” maydoniga 20 ming odam chiqqan, muxolifat 50 ming deydi. Sankt-Peterburgda yetti ming. Tartibni saqlash uchun katta sonda politsiya va vertolyotlar safarbar etilgan.

Uzoq sukunatdan so'ng prezident Dmitriy Medvedev ovoz berish jarayonida qonunlar buzilgani haqidagi da'volarni tekshirishga va'da berdi. Davlat rahbari tergov ochilishini "Facebook"dagi sahifasida e'lon qildi.



Bu voqealar nimadan darak?

“Ukraina, Gruziyada bo’lgani kabi inqilob kutmang. Putin hech qayerga ketmaydi”, - deydi Boris Makarenko, Moskvadagi siyosiy-tahlil markazi direktori.

Ammo bu avvalgi Rossiya emasligi hamma ayon. Putinning “yengilmas” qiyofasida darz paydo bo’la boshlagan.

Mamlakat prezident saylovlari arafasida ekan, Putin nomzod emasmi, strategiyani hozirdan belgilab olishi kerak, deydi tahlilchilar.

Qo’shni Belarusda bo’lgani kabi namoyishchilarni to’qmoq bilan haydaydimi yoki islohot va’da qiladimi? Saylovchilarni siylash uchun g’aznada yarim trillion dollar zaxira ham bor.

“Otkritiye” sarmoya kompaniyasi eksperti Vladimir Tixomirov fikricha, bo’lajak prezident deb ko’rilayotgan Putin ixtiyoridagi barcha vositalarni ishga soladi.

“Keragida shirin so’z ishlatadi, keragida mushtini ko’rsatadi”, - deydi u.

Qurolli kuchlar Kreml topshirig’ini bajaradi. Matbuot ham qattiq nazorat ostida. Oldinda Rojdestvo, yangi yil, bayramlar, strategiyani aniqlab olishga vaqt bor.

Ingliz professori Anatol Liven bir oycha oldin Vladimir Putin bilan bir davrada o’tirib, suhbat qilgan. Uni mohir siyosatchi deb biladi.

“Bashoratlar qilishga hali erta. Lekin so’nggi voqealar Putinning saylov kampaniyasini izdan chiqarishiga ishonmayman”, - deydi Liven.

O’tgan hafta bosh vazir “Yedinaya Rossiya” partiyasi yetakchilari bilan uchrashib, muxolifatni gijgijlayotgan va moliyalayotgan bu – Amerika, dedi. Namoyishchilar “Yedinaya Rossiya”ni “o’g’ri va muttahamlar” partiyasi deb tamg’alagan.



Rossiyaning keyingi prezidenti olti yilga saylanadi. Putin odamlarni mamlakat to’g’ri yo’ldan borayotganiga ishontira olishi kerak, deydi siyosatshunos Boris Makarenko.

“Gap shundaki, krizis paytida omma orasida optimizm yo’qoldi, oradan ishonch ketdi. Shuni tiklay olsa, yaxshi dastur bilan chiqsa, Putinning imkoniyati bor”.

Saylov 4-dekabrda o’tgan bo’lsa, undan keyingi bir hafta ichida Moskva va Sankt-Peterburdagi namoyishlarda 1,600 kishi hibsga olingan. Televideniyeda bu yoritilmayapti.

“Arab bahori” shimolga yo’nalib, Rossiya qahratoniga aylanmoqdami?

“Arab bahori” shimolga yo’nalib, Rossiya qahratoniga aylanmoqdami?

Vladimir Putin barqarorlik eng muhimi deya eslatmoqda.

“Qirg’iziston yoki Ukrainada yuz bergan tartibsizliklar Rossiyada takrorlanishi hech kimga kerak emas”, - deydi bosh vazir.

Biroq professor Anatol Livenning qayd etishicha, barqarorlik bahonasida demokratik erkinliklar poymol etilmasligi kerak.

“Aholisining hatto konservativ qatlamlari ham Rossiya O’zbekistondek bir avtoritar jamiyat deb ko’rilishini istashmaydi. Erkinlik, demokratiya oz bo’lsada borligi psixologik jihatdan muhim”, - deydi olim.

XS
SM
MD
LG