2010 yil Rossiya va G’arb o’rtasida ahillik, xayrixohlik davri bo’ldi

  • Jim Bruk

2010 yil Rossiya va G’arb o’rtasida ahillik, xayrixohlik davri bo’ldi

2010 yil Rossiya va G’arb o’rtasida ahillik, xayrixohlik davri bo’ldi

Rossiya 2010 yilda asosiy e’tiborni G’arb bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratdi. Xususan, Norvegiya bilan chegara tortishuvlari hal qilindi. Ukrainada yangi rahbar saylangach, aloqalar normallashdi.

Biroq tashqi siyosatda eng katta o’zgarish bu Rossiyaning Polsha va AQSh bilan til topishganidir.

Kremlda o’tirganlarning sizga jilmayib boqishini tasavvur qilish qiyin. G’arb ahli Sovet rahbari Nikita Xrushevning BMT minbarida dag’dag’a qilganini hamon unutmagan. Tashqi ishlar vaziri Andrey Gromykoni G’arbda “Qahrli Grom” deb atashar edi.

2010 yilda prezident Dmitriy Medvedev Rossiya imidjini ijobiy tarafga o’zgartirishga, uni yosh, ochiq chehrali, zamonaviy demokratik davlat sifatida dunyoga tanishtirishga harakat qildi.

Rossiyaning asosiy daromad manbai bo’lmish neftning narxi yana ko’tarila boshlagan. Lekin 2008 yili Gruziya bilan urush natijasida boy berilgan xorijiy sarmoyalar mamlakatga qaytmadi. Rossiya hamon Belarus, Shimoliy Koreya, Venesuela va Zimbabve kabi davlatlar safida tilga olinadi.

“Moskvada tez-tez quloqqa chalinadigan bir shikoyat - Rossiyaning shundoq biqinida Xitoy kuch-qudratga to’layotganidir. Markaziy Osiyoda Xitoy Rossiya o’rnini egallab bo’lgan”, - deydi siyosatshunos Konstantin von Eggert.

Rossiya o’tmishdagi nufuz-salobatini tiklashga qanchalik harakat qilmasin, natija yo’qligi ayon. Kreml shu bois pragmatik bir yo’lni tanladi – ittifoqchilik va o’ziga munosib deb bilgan davlatlar bilan hamkorlik.

Bu haqda kitob yozayotgan Dmitriy Treninning aytishicha, biz buyuk davlatmiz deb ko’krak kerish bilan hech narsa o’zgarmadi.

“Ichki siyosat, iqtisod va demografiya mamlakatning asl ahvolini ko’rsatib turibdi”.

Kremlning yana bir shikoyati shuki, Xitoy bu mamlakatga xomashyo bazasi deb qaraydi. Qiyos, Yevropa Rossiyaga katta miqdorda sarmoya olib kirishga tayyor, lekin bu yo’ldagi ikki to’siq - AQSh va Polsha.

O’tgan bir yilda Moskva-Vashington munosabatlari ijobiylashgani rost. O’rtada kechgan ayrim noxush voqealar, ruslar nazarida, shunchaki “provokatsiya”.

Prezident Medvedevning AQShga safaridan uch kun o’tmay rus josuslari fosh etilgani, noqonuniy qurol savdosida ayblangan Rossiya fuqarosi Viktor Butning Amerikaga topshirilgani hamda AQSh Kongressida Rossiya bilan harbiy bitimga qarshilik shular jumlasidan.

Oq uy Kreml bilan hamkorlikdan mamnun. AQSh iltimosiga binoan Rossiya Eronga qurol sotmaslikka qaror qilgan. Evaziga Kreml Jahon Savdo Tashkilotiga chipta olishi mumkin. Xalqaro koalitsiya sharofati bilan, Rossiyaning janubiy sarhadlari, Markaziy Osiyo hozircha tinch, deydi tahlilchi von Eggert.

“Koalitsiya kelasi to’rt yilda Afg’onistonni tark etgach nima bo’lishini tasavvur qilish qiyin. Rossiya rahbariyati, tabiiyki, Afg’onistondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib turibdi. Toliblar Qirg’iziston, Tojikiston yoki O’zbekistonga qadam qo’yishini hech kim istamaydi”, - deydi mutaxassis.

Vashington bilan yaqinlashuv Rossiya uchun iqtisodiy imkoniyatlar degani. “Pepsi” korporatsiyasi bu yerda yirik sut va sharbat kombinatini sotib olmoqda.

Polsha bilan normal aloqalar Rossiyaga Yevropa Ittifoqi darvozalarini kengroq ochadi. Ikkinchi Jahon urushi davrida minglab polyak mahbuslar qirilgani gina-kudurat negizida yotgan omil edi. Shu yil aprelda Bosh vazir Vladimir Putin voqea joyida o’tgan xotira masorimida qatnashib, orani ochiq qilib oldi.

Biroq uch kun o’tmay, yana bir fojia … Polyak rasmiylari, jumladan prezidentni olib ketayotgan samolyot Rossiyada qulab, barchasi halok bo’ladi. Halokat sabablarini o’rganishda Kreml Polsha bilan to’la hamkorlik qildi.

Harbiy tahlilchi Pavel Felgengauer fikricha, Dmitriy Medvedevning Varshavaga tashrifi muvaffaqiyatli o’tdi deb ta’riflansa-da, oradan sovuqchilik, ishonchsizlik ketgani yo’q.

Ammo sharqda Xitoy kuchga to’layotgan bir paytda, Rossiya G’arb bilan aloqani mustahkashlashga oshiqmoqda.

XS
SM
MD
LG