Sovuq urush qaytadimi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya rahbari Putin

Rossiya rahbari Putin

Yakshanba kuni Berlin devori qulaganiga 25 yil to’ladi. O’sha voqea Sovuq urush yakunlanayotganidan darak edi. Biroq bugunga kelib AQSh-Rossiya munosabatlari Ukrainadagi jarayonlar yuzasidan yana keskinlashib, ayrim tahlilchilarga Sovuq urushni eslatmoqda. AQSh sobiq Davlat kotibi Genri Kissinjer hozirgi vaziyatdan afsusda.

Genri Kissinjer AQSh diplomatiyasini Sovuq urush paytida boshqargan hurmatli arboblardan. U Amerikaning Sovet Ittifoqi va Xitoy bilan aloqalarini yaxshilashda, Vyetnam urushiga chek qo’yishda ulkan hissa qo’shgani uchun Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan.

Kissinjer AQSh-Rossiya munosabatlarining sovuqlashganidan afsusda.

“Rossiya xalqaro tizimning ajralmas qismi bo’lishi lozim. Sovuq urush paytida Sovet Ittifoqi bosimlariga qarshi chiqqanman, ammo o’shanda ham, hozir ham Rossiya bilan hamkorlik qilish muhimligiga ishonganman”, - deydi keksa arbob.

Kissinjer G’arb va Rossiyaning Ukraina yuzasidan tortishuvida aniq bir qarorga kelish kerak deb hisoblaydi.

“Ukraina erkin davlat bo’lishga haqli. Biroq boshqa mamlakatlar u bilan qanday munosabatda bo’lishini hal qilib olishi lozim. Ukraina ular uchun strategik chegarami yoki Rossiya bilan aloqalar uchun ko’prikmi? Agar Ukrainani chegara deb bilishsa, u holda Rossiya qarshiligiga uchrayverishadi. Agar ko’prik sifatida ko’rishsa, u holda yangi Sovuq urushning oldini olsa bo’ladi”, - deydi Kissinjer.

Aytish joiz, Ukrainaning o’zi ham Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga shoshilmayapti. Ukraina matbuotida sharqdagi harbiy harakatlar aholiga Rossiya bilan urush sifatida talqin etilmoqda. G’arb ham Ukraina sharqida Rossiya qo’shinlari bor deb hisoblaydi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko janubiy va sharqiy hududlarga qo'shimcha askar safarbar etishni buyurgan. Asosan Mariupol, Berdyansk va Xarkov shaharlari mudofaasi kuchaytirilmoqda. Poroshenko isyonchilar hujum qiladi deya tayyorgarlik ko'rmoqda. Isyonchilar ham Ukraina armiyasining yangi hujumlarini kutmoqda.

G'arb Rossiya bilan taranglikni Putinning boy berilgan mavqeni tiklash harakati deya baholaydi. Tashqi kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiyada millatchilik kayfiyati so’nggi paytda muhojirlardan G’arbga o’tgan. Seshanba kuni Moskvada Xalq birligi kunida millatchi guruhlar yurish qilgan.

Radikal millatchilik hollarini o’rganuvchi “SOVA” tahlil va axborot markazi rahbari Aleksandr Verxovskiyning aytishicha, bu yili oldingi yillarga qaraganda muhojirlarga nisbatan hujumlar kamaygan.

"Ammo bu jamiyatning bag’rikengligidan emas. Diqqat markazi shunchaki muhojirlardan G’arbga o’tgan. Ukraina bilan bog’liq tashqi siyosatga qiziqish kuchaygan”, - deydi Verxovskiy.

Rossiyaliklar orasida milliy g’urur va vatanparvarlik hissi kuchaygan ko’rinadi. Qrimning Rossiya tarkibiga qo’shib olingani, Prezident Putinning G’arb talablariga bo’yin egmayotgani bunga sabab sifatida keltirilmoqda. Natijada Putinning reytingi oshgan, ayni damda 80 foizdan ortiq. AQShda chop etiladigan “Forbs” biznes jurnali esa uni qatorasiga ikkinchi yil dunyoda yilning eng qudratli insoni deb topmoqda.

Ammo G’arbdagi tahlilchilar bunday vaziyat ko’pga cho’zilmasligini bashorat qiladi. Aleksandr Verxovskiyning aytishicha, millatchi guruhlar mamlakatda ozchilikni tashkil etadi, ammo Kreml istasa, ular kuchayib ketishi ham mumkin.

"Millatchilarga ko’p odam ovoz bermaydi, davlat idoralariga kirmagan ular. Biroq bu ishga Kreml aralashsa yoki hukmron partiyaning millatchi kayfiyati oshsa, vaziyat o’zgarishi mumkin. So’l va liberal muxolifat hozir juda zaif", - deydi Verxovskiy.

G'arb Rossiyani Ukraina ichki siyosatiga aralashayotganlikda, sharqdagi isyonchilarni qurol bilan ta'minlayotganlikda ayblab keladi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Parijda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius bilan uchrashuv chog'ida Ukraina masalasini muhokama qildi. Kerrining aytishicha, agar Rossiya 5-sentabrda Minskda imzolangan sulh bitimi shartlaridan chetga chiqsa, unga bosim kuchaytiriladi va aksincha, agar hujjatga rioya etsa, sanksiyalar bekor qilinadi.

Kerri nazarida yakshanba kuni Ukraina sharqidagi isyonchi hududlarda o'tgan saylovlar Minsk kelishuviga zid.

"AQSh va xalqaro hamjamiyat saylov natijalarini tan olmaydi", - dedi Kerri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG